Chakana savdoda aksiya va chegirmalarni huquqiy tartibga solishga doir yangi tartib loyihasi ishlab chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida, chakana savdoda aksiya va chegirmalarni huquqiy jihatdan tartibga solish va davlat nazoratini ta’minlash vazifasi belgilangan.
Loyiha asosiy mazmuni:
Yangi tartib loyihasida aksiya va chegirmalarga oid asosiy tushunchalarga huquqiy ta’rif berildi. Bunda:
Aksiya – iste’molchilarni jalb qilish va sotuvni rag‘batlantirishga qaratilgan maxsus shartlardagi taklif;
Chegirma narx – avvalgi narxdan ma’lum foiz yoki summada arzonlashtirilgan narx;
Chegirmagacha bo‘lgan narx – oxirgi 30 kun davomida amalda bo‘lgan eng past narx hisoblanadi va uning haqqoniyligi sotuvchi tomonidan isbotlanishi shart.
Xalqaro tajriba tahlili:
Raqobat qo‘mitasi tomonidan chakana savdoda aksiyalar o‘tkazish va chegirmalar taqdim etish bo‘yicha Germaniya, Fransiya, AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy davlatlaridagi me’yoriy amaliyot o‘rganildi. Ularda:
Sun’iy chegirmalar taqiqlanadi (masalan, avval narxni oshirib, so‘ng “chegirma” qilib ko‘rsatish);
“Oldingi” narx haqiqiy va hujjatli bo‘lishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Chakana savdoda aksiyalar va chegirmalarni tashkil qilish, o‘tkazish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan ishlab chiqilgan loyihada belgilangan talablar:
Chegirma narxi faqat so‘nggi 30 kun ichida amalda bo‘lgan eng past narxdan kelib chiqqan holda belgilanishi shart;
Aksiyalar haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga kamida 10 kun oldin taqdim etilishi lozim;
Sun’iy ravishda narxni oshirib, keyin arzonlashtirib ko‘rsatish man etiladi;
Sotuvchilar aksiya va chegirmalar to‘g‘risida aniq, to‘liq va tushunarli ma’lumot taqdim etishlari kerak (amal qilish muddati, tovar turkumi, shartlar va h.k.);
Aksiya davomida chegirmalar, bonus va boshqa imtiyozlar amalda bo‘lishi ta’minlanishi lozim;
Tovarlar narxiga nisbatan chegirmalar aniq ko‘rsatilishi, iste’molchi so‘ragan taqdirda, avvalgi narxlar haqidagi ma’lumot taqdim etilishi shart.
Loyiha keng jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan. (https://regulation.adliya.uz/project/6383/13959?contentLang=uz)
Barcha fuqarolar va tadbirkorlik subyekti vakillaridan ushbu loyiha muhokamasida o‘z taklif va mulohazalarini taqdim etib, befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.
Unutmang, ushbu dolzarb sohani tartibga solishda keng jamoatchilik fikri va takliflari muhim ahamiyat kasb etadi.