2023-yil 17-oktabr kuni Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyasi topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakillarining “Akin & Gump” xalqaro yuridik firmasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda Qo‘mitadan rais o‘rinbosari F.Karabayev hamda tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari hamda “Akin & Gump” xalqaro yuridik firmasidan Natalya Baratiyans, Alan Yanovich, Yan Uolter va Mattyu Naysli ishtirok etdi.
Ushbu uchrashuvda quyidagi masalalar atrolifcha muhokama qilindi:
– O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonuni mazmuni va mohiyati;
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan raqobat muhitini yana-da rivojlantirish va iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirishga qaratilgan islohotlar doirasida erishilgan natijalar;
– JSTning Savdo va tariflar bo‘yicha Bosh kelishuvi (GATT) doirasida davlat savdo korxonalariga tovarlar eksporti va importi bo‘yicha eksklyuziv yoki monopol huquqlari berilganligi va ularni JST qoidalari va kelishuvlariga muvofiqlashtirish yo‘llari;
– JSTning GATT, Xizmatlar bo‘yicha Bosh kelishuvi (GATS), Subsidiyalar va muhofaza choralari bo‘yicha Bosh kelishuvi hamda Intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari to‘g‘risidagi kelishuvi (TRIPS) kabi asosiy shartnomalariga O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarini uyg‘unlashtirish masalalari;
– qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
– Qo‘mita xodimlarining JST normalari va kelishuvlarini amaliyotda qo‘llash va ular bilan ishlash bo‘yicha bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish.