ISTYE’MOLChILARGA DAVLAT TILIDA AXBOROT TAQDIM ETISh HOLATLARI O‘RGANILDI
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganish va tahlillarga ko‘ra, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari tomonidan o‘z nomi, ish tartibi, tovar (ish, xizmat)lari va qoidalari to‘g‘risida iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli axborot taqdim etilmayotgani, taomnomalar hamda boshqa ma’lumotlarning davlat tilida berilmayotgani aniqlandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda ularni to‘g‘ri va tushunarli axborot bilan ta’minlash maqsadida, respublika bo‘ylab 3615 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektida o‘rganishlar olib borildi. Ularda 2510 ta holatda xorijiy tillarda yoki xato bilan yozilgan tashqi yozuvlar, e’lonlar va axborot matnlari qayd etildi. Kamchiliklar aniqlangan holatlarning 1993 tasi tezkor bartaraf etildi, 21 ta subyektga nisbatan esa ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, 2964 ta korxona va tashkilotlarga iste’molchilar huquqlari, reklama va axborot berish bo‘yicha qonunchilik talablari yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborildi.
O‘rganishlar doirasida bozorlar, savdo va ko‘ngilochar markazlar, dorixonalar, umumiy ovqatlanish joylari kabilarda profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, davlat tilida axborot taqdim etilishini ta’minlash va qonunbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalarning o‘rtacha 20 foizidan ortig‘ida xorijiy yoki o‘zbek tili me’yorlariga xos bo‘lmagan so‘zlar ishlatilgan. Masalan, 2024-yilda Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan 5071 ta korxonaning 300 tasi, 2025-yil birinchi choragida 1203 ta korxonaning 245 tasi shunday nomlarga ega.
Hududlar kesimida esa
Samarqand viloyatida – 40%,
Qoraqalpog‘istonda – 39%,
Andijon – 30%,
Sirdaryo – 31%,
Namangan – 26%,
Farg‘ona va Xorazm – 24%,
Jizzaxda – 15%
holatda xorijiy tillardan foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, davlat tilida axborot taqdim etilishini ta’minlash bo‘yicha tushuntirish va profilaktik ishlar olib borilmoqda.