ISTE’MOLGA YAROQSIZ
MAHSULOTLAR SAVDODAN OLIB TASHLANDI
Savdo shoxobchalarida sotilayotgan qandolat mahsulotlarining ba’zilarida ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va saqlash tartiblari haqida ma’lumot berilmaydi. Iste’molchilar esa muddatiga e’tibor bermasdan, tashqi ko‘rinishiga qarab xarid qilaveradi. Yoki do‘kon sotuvchisining “yaqinda keltirildi, mazasiga gap yo‘q, olavering” degan gapiga ishonishadi.
“Shodlimurotova M.O.” YaTTdan “Yulduzli” to‘plamidagi “East Star Sweet” MChJga tegishli bo‘lgan “Medovaya” pishirig‘ini xarid qilgandim. Mahsulotning tarkibi buzilgan, ya’ni mutlaqo ta’mi nordon, noxush hidi ham bor ekan. Odatda pishiriqlar saqlash me’yoriga amal qilinmasa, tezda aynib qoladi. Do‘konda deyarli barcha qandolat mahsulotlari sovitkichda emas, peshtaxtada qo‘yib sotilyapti. Qadog‘ida ishlab chiqarilgan sanasi ham ko‘rsatilmagan. Iste’molga yaroqsiz mahsulotni do‘konga olib chiqish inson hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazishi mumkinligini aytsam sotuvchi pinagini ham buzmadi…
Ismi sir tutilgan
SAHIFA EKSPERTI:
Umida MANSUROVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi
— Mazkur iste’molchi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 1159 ishonch telefoni orqali shikoyat qildi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan murojaat o‘rganib chiqilib, haqiqatan ham unda bildirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Mazkur savdo do‘konida ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan mahsulotlar sotilayotgani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga muvofiq, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga egaligi, shuningdek, 11-moddasiga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 178-moddasida esa sakkizinchi qismiga muvofiq, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, 271-modda o‘n birinchi qismiga muvofiq, ushbu Kodeksning 178-moddasi sakkizinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilab berilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan MChJ xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan kamchiliklar ixtiyoriy, belgilangan muddatda bartaraf etildi. Dastlab yaroqlilik muddati o‘tgan barcha qandolat mahsulotlari savdo rastalaridan olindi. So‘ng iste’molchiga tarkibi buzilgan mahsulot sifatli mahsulotga almashtirib berildi.
Pokiza IDRISXON tayyorladi