Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga respublika bo‘ylab iste’molchilar tomonidan “O‘ZBEKTELEKOM” AK (UZMOBILE), “COSCOM” MCHJ (UCELL), “UNIVERSAL MOBILE SYSTEMS” MCHJ (MOBIUZ), “UNITEL” MCHJ (BEELINE) va “HUMANS” MCHJ aloqa kompaniyalari tomonidan belgilangan tariflardagi tushunmovchiliklar, aloqa va internet xizmatlarining sifatsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun ortiqcha to‘lovlar olinishiga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Qo‘mita mazkur murojaatlarni mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, tanlangan tarif rejasi va aloqa xizmatlarining shartlariga mosligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqda. Qonunbuzilish holatlari o‘z vaqtida aniqlanib, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinmoqda.
Samarqand viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish operatori faoliyatidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaatida fuqaro 6 mln 700 ming so‘m pul mablag‘i tegishli hisobga o‘tmagani va uni qaytarib ololmayotganligini bildirgan.
O‘rganishlarda haqiqatan ham pul mablag‘i boshqa bir hisobga o‘tgani, ammo mazkur muammo yechilmay qolgani ma’lum bo‘ldi. Natijada fuqaroning huquqlari tiklandi va “HUMANS” MCHJ aloqa xizmat ko‘rsatish kompaniyasi tomonidan 6 mln 700 ming so‘m pul to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati misolida
Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.S. “HUMANS” aloqa kompaniyasidan boshqa raqamga adashib o‘tkazilgan pul mablag‘ini qaytarib ololmayotganligi yuzasidan qilgan murojaatini qisqa muddatda ijobiy hal etdi.
Xususan, o‘rganishlarda fuqaro “HUMANS” aloqa kompaniyasi xizmatlaridan foydalanib kelgani, telefon raqami orqali pul mablag‘ini kompaniya elektron hamyoniga o‘tkazayotgan vaqtda bitta raqamga adashganligi bois boshqa hisob raqamga o‘tib ketgani, endilikda, pul mablag‘larini qaytarib ololmayotganligi aniqlandi.
Natijada “HUMANS” MCHJ tomonidan 6,2 mln so‘m pul mablag‘lari fuqaroning plastik kartasiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati misolida
Chust tumanida yashovchi fuqaro M.A.ning “HUMANS” aloqa kompaniyasidan yanglishib yuborilgan 5 mln so‘mini qaytarib ololmayotganligi yuzasida amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida “HUMANS” aloqa kompaniyasi mutaxassislari bilan suhbatlashib, ularga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddalari talablari bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berib o‘tildi. Natijada “HUMANS” MCHJ tomonidan noto‘g‘ri o‘tkazilgan 5 mln so‘m mablag‘i fuqaroning bank plastik kartasiga o‘tkazib berildi.
Surxondaryo viloyati misolida
Fuqaro G‘.Ch.dan tushgan murojaatni o‘rganish jarayonida abonent farzandining bank plastik kartasiga “BEELINE” kompaniyasining bepul ilovasidan 450 000 so‘m pul mablag‘ini to‘liq o‘tkaza ololmagani, mobil ilovada qolib ketgan pulni esa qaytarish bo‘yicha kompaniya hech qanday chora ko‘rmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish natijasida nosozlik tufayli mobil ilovada qolgan mablag‘ “UNITEL” MCHJ tomonidan qaytarib berilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida
Nukus shahrida istiqomat qiluvchi M.X.dan murojaat kelib tushgan.
Fuqaro o‘z murojaatida UCELL aloqa kompaniyasi tomonidan ortiqcha pul hisoblanganidan noroziligini bildirib, pulini qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan.
Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi talablariga muvofiq “COSCOM” MCHJ xodimlariga tushuntirish ishlari olib borildi va iste’molchining ortiqcha hisoblangan yuz ming so‘mga yaqin pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
Xorazm viloyati misolida
Fuqaro Sh.Yu. o‘ziga aloqa xizmat ko‘rsatuvchi “UNIVERSAL MOBILE SYSTEMS” MCHJ (Mobi.uz) tomonidan hisob raqamidan pul mablag‘i doimiy ravishda kamayib borayotganidan, kompaniyaning 0890 ishonch telefoniga qilgan murojaati yechim topmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaroning “KinoFAN viktorina” xizmati uchun iyul-avgust oyidagi amaliyotlari o‘rganib chiqilganda 500 va 2 000 so‘mdan yigirmaga yaqin marotaba pul yechib olinganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish natijasida fuqaroga ushbu xizmat uchun yechib olingan puli qaytarildi, uning raqami qo‘shimcha xizmatlardan o‘chirilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati misolida
Fuqaro Sh.Yu. va Sh.S.larning “Uzmobile” kompaniyasi xizmatidan noroziligi bo‘yicha murojaatlari o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlarda kompaniya tomonidan fuqarolardan biri «Radute» kontrol xizmati, ikkinchisi ko‘ngilochar xizmatlarga ulab qo‘yilganligi, natijada fuqarolardan ortiqcha pul yechib olinayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida qo‘shimcha xizmat o‘chirildi va fuqarolardan ortiqcha yechib olingan jami 100 ming so‘m pul mablag‘i to‘liq abonentlar hisobiga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
Andijon viloyati misolida
Raqobat qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasiga Andijon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.U.dan tushgan murojaatda “O‘zbektelekom” AK tomonidan internet xizmati taqdim etilmayotganligidan noroziligini bildirgan.
O‘rganishlarda fuqaro internet aloqasini o‘rnatish uchun barcha to‘lovlarni amalga oshirgani, ammo belgilangan muddatda internet xizmati ishga tushmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur murojaat qisqa muddatda ijobiy yechim topdi. Fuqaroning xonadonida aloqa kabelidagi nosozlik bartaraf etilib, ishga tushirildi. Shuningdek, internetdan foydalanmagan kunlari uchun qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati misolida
Raqobat qo‘mitasining Buxoro viloyat hududiy boshqarmasiga fuqaro X.F. “O‘ZBEKTELEKOM” AK Buxoro filiali tomonidan sifatsiz internet xizmati ko‘rsatilayotganligi bo‘yicha murojaatini qoldirgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaro internetga ulangani, oylik to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘layotgani, aloqa esa qoniqarli darajada emasligi ma’lum bo‘ldi. Natijada fuqaroga internet nosozliklari to‘liq bartaraf etilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati misolida.
Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “HUMANS” MCHJ, “UNIVERSAL MOBILE SYSTEMS” MCHJ (MOBIUZ), “UNITEL” MCHJ (BEELINE) kabi kompaniyalarning telekommunikatsiya xizmatlaridan e’tiroz bildirilgan shikoyatlar kelib tushgan.
O‘rganishlar natijasida murojaatchi fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat standarti O‘z DSt 3207:2017 uyali aloqa tarmoqlari xizmatlari sifatini baholash me’yorlari va usullariga muvofiq mobil tarmoqlarda ma’lumotlarni o‘rtacha tezlikda uzatilishi ta’minlandi.
MA’LUMOT O‘RNIDA. Raqobat qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida iste’molchilardan aloqa bo‘yicha 1 563 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan bo‘lib, 91,5 mln. so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.