O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan taʼminlash holatini o‘rganish maqsadida 2023-yil noyabr-dekabr oylarida Respublikamizning barcha hududlarida joylashgan AYOQShlarda benzin mahsulotlarining nazorat xaridlari o‘tkazildi. Ushbu o‘rganish tadbirlari davomida 82 ta AYоQShlardan xarid qilingan benzin mahsulotlari, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etilgan va ularning dastlabki qismi bo‘yicha maʼlumotlar olingan.
Bugungi kundagi dastlabki o‘rganishlar natijasida (laboratoriya tahlillariga asosan) 21 ta holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi, 4 ta holatda esa belgilangan miqdordan kam quyish holatlari aniqlangan. Bunda, dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra jami isteʼmolchilarga 300 mln so‘mga yaqin zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Jumladan, “Gulnora gaz servis” MCHJ (Qoraqalpog‘iston Res), “International Petroleum” MCHJ (Sirdaryo v.) “ИСКРА” XK, “ХАМКОР ИМЕЖ” MCHJ, “NAZAR OTA” KTXF, “SHER GRAND GAZ” XK, “SHODLIK TUXFASI” MCHJ va “VERSAL OIL” MCHJ (Jizzax v.) “Қаро Олтин Ёғдуси” MCHJ, “Lutf HAQ” MCHJ “VODIY PROPAN GAZ SERVIS” MCHJ va “Offise brokers” XK (Farg‘ona v.), “Макс Эко ойл” MCHJ (Qashqadaryo v.), “Markaziy Gaz Oyl” MCHJ, “Brava Oil Co” MCHJ, “Foykon” MCHJ “Mohinur Oil” XK, “Boburshox Plyus Oil” MCHJ, “Elit Tranzit Oyl” MCHJ, “Mustaqillik-2001” MCHJ (Andijon v.) hamda “BARS” MCHJ (Toshkent v.) larga qarashli AYOQSHlarda benzin mahsulotlari sifat darajasida emasligi to‘g‘risida laboratoriya xulosalari taqdim etilgan.
Shuningdek, “RASUL” ko‘p tarmoqli xususiy savdo korxonasi (Andijon v.) «City petrol» MCHJ, «Jasur Jo‘rabek Tolib nuri» MCHJ va «Xush Baxt Zar» MChJ (Buxoro v.) qarashli AYоQSHlarda benzin mahsulotlari kam quyish holatlari aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning:
13-moddasiga binoan nuqsonli tovar sotilganda nuqsonlarni bartaraf etish, ko‘rilgan zararni qoplash va boshqa holatlar belgilab o‘tilgan. Shuningdek, ushbu qonuning 26-moddasida esa, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishini va ularning sifatini taʼminlash maqsadida…tegishli davlat tashkilotlari tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi boshqa davlat boshqaruv organlari bilan o‘z vakolatlari doirasida tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishiga va ularning sifatiga doir majburiy talablarni belgilaydilar hamda bu talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.
Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni qoplatish choralari ko‘rilayotganligini, shuningdek, Qo‘mita “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda sifatsiz benzin mahsulotlari sotilishini oldini olish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirib kelinayotganligini maʼlum qilamiz. Shu bilan birgalikda maʼlumot o‘rnida isteʼmolchilardan shu kabi holatlarga duch kelishganda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining yagona ishonch raqamiga (1159) murojaat qilishlari mumkunligini eslatib o‘tamiz.