Raqobat qo‘mitasiga 2025-yilning o‘tgan davrida gaz yetkazib berish bilan bog‘liq iste’molchilaridan jami 19 487 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, bu sohada tizimli muammolar borligini ko‘rsatadi.
Shu bois, Qo‘mita tomonidan “Hududgazta’minot” AJ hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri AJning bo‘ysunuvida bo‘lgan korxonalarda o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganishlarda o‘tgan davrda respublikamizning beshta viloyatida aholiga tarqatilgan maishiy gaz ballonlarida suyultirilgan gazning og‘ir qoldiqlari (kondensat) hajmi jami 1,5 ming tonnani
⏺Navoiyda – 92,9 tn,
⏺Surxondaryoda – 490,2 tn,
⏺Qashqadaryoda – 371,3 tn,
⏺Farg‘onada – 370,5 tn,
⏺Buxoroda – 175,6 tn
tashkil etib, buning hisobiga iste’molchilardan jami 2,2 mlrd so‘m atrofida asossiz haq olinganligi aniqlangan.
Xususan, Navoiy viloyatida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan gaz ballonidagi jami 92,9 tn og‘ir qoldiq suyuqlik miqdorlari uchun iste’molchilardan 125,4 mln so‘mlik ortiqcha mablag‘lar olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan 79 ta iste’molchidan 125,7 mln so‘mlik ortiqcha hisoblangan hamda gaz ballonlaridagi jami 490,2 tn og‘ir qoldiq suyuqlik miqdorlari (kondensat) uchun iste’molchilardan 640,3 mln so‘mlik, jami 766, 0 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlangan.
Ushbu holatlar bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi tomonidan hududiy gaz ta’minoti korxonalari bu xizmatlarni ko‘rsatishda qonunchilik talablari buzilganligi holatlari mavjudligi sababli, iste’molchilarga ortiqcha olingan mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish choralari ko‘rilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi bu boradagi o‘rganish ishlarini Respublikamiz hududlari kesimida tizimli ravishda davom ettirmoqda.