Bugungi kunda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Qo‘mita tomonidan tadbirkorlar va iste’molchilarning xaq-huquqlarini himoyalash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga tadbirkorlik subyektlaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Murojaatlarning aksariyati tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan asossiz qarzdorliklar hisoblash va undirishdir.
Birgina misol tariqasida, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani Sho‘r-suv shaharchasida faoliyat yuritayotgan “Yaypan Gips” MChJga “O‘ztransgaz” AJ tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanib, to‘lovlar undirilganligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan va o‘rganish natijasida “O‘ztransgaz” AJ tomonidan “Yaypan Gips” MChJga iste’mol qilingan ta’biiy gaz uchun tariflarni oshirib qo‘llanilganligi ya’ni, 660 so‘m o‘rniga 1 000 so‘m hisoblaganligi aniqlangan. Hududiy boshqarma tomonidan holat Maxsus komissiyada ko‘rib chiqildi va “O‘ztransgaz” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Maxsus komissiyaning qaroriga asosan “O‘ztransgaz” AJ tomonidan asossiz hisoblangan 128,0 mln so‘m mablag‘ “Yaypan Gips” MChJ foydasiga qayta hisob-kitob qilib berildi.
Ushbu ish bo‘yicha “O‘ztransgaz” AJning shikoyati Sud tomonidan ko‘rib chiqilib rad qilindi va Boshqarmaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi hamda tadbirkorning manfaatlari himoya qilinishi ta’minlandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, iste’molchilarning majburiyatlari ortishiga va ularning qonuniy manfaatlariga zarar etishiga olib kelmasligi, iste’molchilardan kommunal xizmatlari tariflarida ko‘zda tutilmagan va ular bilan tuzilgan shartnomalarda belgilanmagan to‘lovlar undirilmasligi lozimligini eslatib o‘tadi hamda bunday holatlarda qonunbuzilishi kuzatilganda qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rishni bildiradi.