15-mart Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni respublikamizning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda nishonlanib kelinmoqda.
Mazkur sana munosabati bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan “Iste’molchi raqamli munosabatlarda” mavzusida hududlarda o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Samarqand
O‘zbekiston iqtisodiyot universitetida mazkur sana munosabati bilan bo‘lib o‘tgan seminarda moliyaviy sektorda huquqiy ongni takomillashtirish, bugungi kunda ommalashib borayotgan moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchi huquqlarining buzilishi holatlari, turmush davomida kelib chiqadigan shaxsiy moliyaviy masalalarni to‘g‘ri yuritish, moliyaviy firibgarlikdan o‘zini himoya qilish bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi.
Navoiy
Navoiy shahridagi 5 va 8-maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda tijorat banklari va mikrokredit tashkilotlaridan kredit olish tartibi, savdo, dori, sug‘urta, aloqa, xususiy ta’lim, tibbiyot masalalari hamda iste’molchi sifatida qanday huquq va erkinliklarga ega ekanliklari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Jizzax
O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbir tashkillashtirildi. Tadbir ishtirokchilari moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchi huquqlari buzilishi holatlari, turmushda shaxsiy moliyaviy masalalarni to‘g‘ri yuritish, moliyaviy firibgarlikdan o‘zini himoya qilish va iste’molchilarning huquqlari qonun bilan himoya qilinish bo‘yicha zarur tushunchalarga ega bo‘lishdi.
Xorazm
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Urganch filialida bo‘lib o‘tgan seminarda talabalar kiberxavfsizlik, banklar va ular xizmatidan foydalanish tartiblari, kredit olishda shartnoma va ularga qo‘yiladigan talablar haqidagi ko‘plab bilimlardan voqif bo‘lishdi.
Buxoro
Buxoro Muhandislik texnologiya instituti va Buxoro davlat Unversiteti talabalariga iste’molchi kim, uning haq-huquqlari nimalardan iborat, muammolarga duch kelganda qayerga murojaat qilishlari mumkinligi haqida, shuningdek, kredit omonat kabi xizmatlardan foydalanish bo‘yicha mutaxassislarning tegishli tavsiyalari berildi.
Namangan
Mingbuloq tumani 7-sonli maktabi o‘quvchilari bank tomonidan iste’molchilarga taqdim etiladigan omonat va kreditlar, bankning masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlari bo‘yicha shartnoma shartlari bilan oldindan tanishib chiqish va bank kartalari egalarining qonuniy manfaatlari ta’minlanishi haqidagi ma’lumotlar berilgani barcha uchun foydali bo‘ldi.
O‘tkazilgan tadbirlarda talabalar tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.