Yangi uy xarid qilish bo‘yicha “Future Growth” MCHJ bilan ikki tomonlama shartnoma tuzildi. Toshkent shahrining Chilonzor ko‘chasida uyni qurish ishlari boshlanib ketdi. Qurilish jarayonida fuqaro jamiyat tomonidan taqdim etilayotgan ba’zi bir qurilish anjomlari va uy jihozlaridan voz kechib, qo‘shimcha to‘lov qilgan holda ularni boshqa turdagisiga almashtirish xohishini bildirdi. Ikki o‘rtadagi kelishuvga asosan iste’molchi tanlagan eshik va romlar, yuvinish xonasi anjomi va boshqalar o‘rnatib berildi.
Ishlar nihoyasiga yetgach fuqaro “Future Growth” MCHJdan qayta hisob-kitobni amalga oshirishlarini so‘ragan, masala esa muammoga aylanib ketgan. Murojaati hal etilmagan fuqaro Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘z shikoyatini qoldirdi.
Murojaat Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “Future Growth” MChJni jalb etgan holda o‘rganib chiqildi. Unda jamiyat tomonidan taqdim qilinayotgan qurilish anjomlarining bozor bahosi o‘rganib chiqilib, qilingan qayta hisob-kitoblar iste’molchining yangi xonadoni uchun qilgan xarajati 21 155 000 so‘mni tashkil etgani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko’ra, Iste’molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida eslatib o‘tiladi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1-moddasida, Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o‘z Fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarini o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida o‘z huquq va burchlarini belgilashda va qonunchilikka zid bo‘lmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
Kodeksning 354-moddasiga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkinliklari belgilangan. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek Kodeksning 382-moddasiga ko‘ra, agar Fuqarolik Kodeksida, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Hududiy boshqarma tomonidan yuqorida aniqlangan holat yuzasidan “Future Growth” MCHJga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va fuqaro murojatini tegishli tartibda qanoatlantirish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida fuqaro foydasiga 21 155 000 so‘m qaytarib berilishi ta’minlandi.