ISTE’MOLCHIDAN SAVOL:
– Har oyda suv hisoblagich ko‘rsatgichi ma’lumotlarini suv idorasiga taqdim qilinmasa, suv sarfini me’yor bo‘yicha hisob-kitob qilinishi to‘g‘rimi?
MUTAXASSIS JAVOBI:
Axrorxon AHMEDOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori 2-ilovasi 100-bandida Hisob-kitob davrida suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari iste’molchi tomonidan taqdim etilmagan holatlarda ISKX tashkiloti ushbu va keyingi davr hisob-kitoblarini ichimlik suvi va oqova suv sarfining o‘rtacha sutkalik normasi asosida, shu oyda amalda bo‘lgan tariflar bo‘yicha iste’molchi tomonidan keyingi ko‘rsatkichlar taqdim etilgungacha (yoki ISKX tashkiloti vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari nazorat uchun olinib, qayd qilingungacha) amalga oshirish huquqiga ega.
Iste’molchi tomonidan keyingi ko‘rsatkichlar taqdim etilgan yoki ISKX tashkiloti vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari nazorat uchun olinib, qayd qilingan taqdirda ISKX tashkiloti ishlatilgan ichimlik suvi va chiqarilgan oqova suv hajmini o‘rtacha sutkalik sarf hisobida, suvni hisobga olish asbobining avvalgi qayd qilingan ko‘rsatkichi davridan boshlab qayta hisob-kitob qilishi lozim. Bunda to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinayotgan oydagi tariflar asosida hisoblab chiqilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 21-moddasida Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanadi.