Huquqiy savodxonlik
ISTE’MOLCHIDAN SAVOL:
- Xarid qilayotgan non mahsuloti qaysi korxonaga tegishli, qachon keltirilganini bilmaymiz. Ba’zida nonlar iste’molga yaroqsiz chiqadi. Bunday zarur sifatga ega bo‘lmagan nonlarni sifatlisiga almashtirish muddati bormi?
MUTAXASSIS JAVOBI:
Abdurahmon Raupov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi
bo‘lim boshlig‘i
– Ixtisoslashtirilgan non do‘konining savdo zalida yoki non mahsuloti savdosini amalga oshiruvchi bo‘limda ko‘rinarli joyga mahsulotning tayyorlovchilari, olib kelish jadvallari, non mahsulotlarini sotish muddatlari, parhezbop non mahsulotlari va yangi turdagi mahsulotlarning xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan bo‘lishi shart.
Non va non-bulka mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi savdo korxonalarida belgilangan ish soatlarida assortiment ro‘yxatida nazarda tutilgan assortimentdagi non va non-bulka mahsulotlari bo‘lishi lozim. Non va non-bulka mahsulotlari faqat non mahsulotlari tashishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan avtomashinalarda tashiladi. Non sotish va saqlash uchun mo‘ljallangan joy quruq va shamollatib turiladigan bo‘lishi kerak.
Sifatsiz (g‘arch-g‘urch qilgan, kuygan, ichi bo‘sh, yaxshi qorilmagan, boshqa narsalar aralashgan) non yoki non mahsulotlari sotilgan taqdirda:
sotuvchi-xodimlar xaridor talabiga ko‘ra (xarid qilingandan keyin 24 soat mobaynida bunday huquqqa ega bo‘ladi) ularni sifatlisiga so‘zsiz almashtirib berishlari yoki pulini qaytarishlari kerak. Albatta, nazorat-kassa chekini ko‘rsatgan holda!
Non, non-bulka mahsulotlarining tandirdan chiqqandan keyin sotuvda bo‘lishi mumkin bo‘lgan muddatlari faqat mahsulotning har bir turi uchun normativ-texnik hujjatlarga muvofiq belgilangan tartibda belgilanadi.
Xaridorlar xohishiga ko‘ra, og‘irligi 0,4 kg va undan ortiq bo‘lgan non, non-bulka mahsulotlari (o‘ralganlaridan tashqari) 2-4 ta teng bo‘laklarga kesilishi va tarozida tortilmasdan sotilishi mumkin. Xaridorlarga non va non-bulka mahsulotlari, maxsus anjom qo‘llanilmagan taqdirda, maxsus qo‘lqoplar (polietilen qo‘lqoplar yoki boshqa qo‘lqoplar) vositasida berilishi mumkin.
Xaridorlar tomonidan qaytarib berilgan non va non-bulka mahsulotlari sanitariya jihatidan yaroqsiz hisoblanadi. Buzilishlar aniqlangan taqdirda mahsulot tayyorlovchiga qaytariladi. Non mahsulotlari savdo obyektlarida noto‘g‘ri saqlanganligi tufayli buzilgan taqdirda buning uchun savdo obyektlari javob beradi.
MANBA: https://lex.uz/docs/243235