Biz — hammamiz iste’molchimiz. Kundalik hayot tarzimizda savdo-sotiq munosabatlarida ishtirok etamiz, turli xizmatlardan foydalanamiz. Lekin oramizda shunday insonlar ham borki, mazkur jarayonlarda qonunbuzilish holatlari, kamchiliklarga duch kelsa-da, qayerga murojaat qilishni bilmaydi yoki bilsa ham ortiqcha tashvish, deya indamay ketaveradi.
Aslida, bunday bo‘lishi kerak emas. Rivojlanishni ko‘zlagan jamiyatda jamoatchilik nazorati, o‘z haq-huquqlarini talab qilish istagi birlamchi turishi kerak. Mana shunday faollik evaziga O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi joriy yilning yanvar–avgust oylarida raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud instansiyalarida da’vogar va arizachi hamda javobgar sifatida 23 ta sud ishida ishtirok etdi.
Bu kammi yoki ko‘p? Javobgar nuqtai nazaridan qaralsa ko‘pdek, iste’molchi tomonidan e’tibor berilsa kamdek tuyuladi. Lekin muhimi, jarayon mavjudligida, o‘z huquq va manfaatlari doirasida sog‘lom fikr hamda raqobatning yuzaga chiqayotganida. Binobarin, sud ishlarining 8 tasi to‘liq, 6 tasi qisman Qo‘mita foydasiga hal etildi.
Shu o‘rinda fikrimizni bir nechta misollar bilan davom ettirsak. Misol uchun, Qo‘mitaga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan aktuar xizmatini xarid qilish uchun “etender.uzex.uz” elektron platformasi orqali o‘tkazilgan tender savdolaridan noroziligi bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi. Murojaat o‘rganib chiqilganda, haqiqatdan ham tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar, ya’ni “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi aniqlandi.
Gap shundaki, o‘tkazilgan tender savdosida buyurtmachi tomonidan ishtirokchilardan biriga boshqa ishtirokchilarga nisbatan imtiyozli shart-sharoit yaratib berilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 2022-yil dekabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Biroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, uni haqiqiy emas, deb topish haqidagi shikoyati bilan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sud tomonidan esa ushbu murojaatni qanoatlantirish rad etilgan hamda Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ birinchi instansiya sudining ushbu hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib Toshkent shahar ma’muriy sudi va Oliy sud Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga qilgan apellyatsiya hamda kassatsiya shikoyatlari natijasi ham xuddi shunday bo‘lgan, ya’ni ularning talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Yana bir misol. Qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Musaffo obi hayot” MChJning ichimlik suvi va oqova xizmatlari hamda isitish tizimi tariflarining asosli shakllantirilishi, qo‘llanilishiga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda, bu yerda ayrim kamchiliklar borligi ayon bo‘lgan. Ya’ni, “Musaffo obi hayot” MChJ tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash), kelishish va belgilashda tegishli organlarga hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga ishonchsiz ma’lumotlar taqdim etilgan. Mazkur holat bo‘yicha Qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yil noyabr oyida “Musaffo obi hayot” MChJga qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda yuqorida keltirilgan Nizom tartiblari buzilishi ortidan olingan jami 1 milliard 318 million so‘mdan ortiq pul mablag‘ini iste’molchilarga qaytarish, ularni aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, ixtiyoriy ravishda davlat byudjetiga to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Ortiqcha chiqim hech kimga yoqmaydi, albatta. Shu jumladan, “Musaffo obi hayot” MChJga ham. Shu bois, jamiyat mutasaddilari ushbu qaror va ko‘rsatmadan norozi bo‘ladi. Ular tomonidan qilingan shikoyat Qo‘mitaning apellyatsiya kengashi qarori bilan qisman qanoatlantiriladi: asossiz olingan pul miqdori 1 milliard 2 million 789 ming 746 so‘m, deb topiladi.
Lekin MChJning bundan ham ko‘ngli to‘lmay, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga ariza topshiradi. Arizani qanoatlantirish esa hal qiluv qarori asosida rad etiladi.
Shu bilan birga, ayrim ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi qarorlari bekor ham qilinmoqda. Masalan, Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan neftni qayta ishlash zavodlari hamda neft bazalari tomonidan dizel (EKO dizel) yoqilg‘isini fermer xo‘jaliklariga qonunchilik talablariga muvofiq sotilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganish natijasida, “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJ tomonidan dizel yoqilg‘isini 5 ming 400 so‘mdan yetkazib berilishi lozim bo‘lsa-da, ko‘plab holatlarda belgilangandan yuqori narxlarga yetkazib berilish holatlari aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Qo‘mitaning tegishli tartibdagi qarori bilan “O‘zbekneftgaz” AJ va “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklarasiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari buzilgan, deb topilgan.
Ushbu qaror bilan ushbu MChJ huquqbuzarlik sodir etilishi natijasida asossiz olingan 2 milliard 752,1 million so‘mni iste’molchilarga, birja savdolarida dizel yoqilg‘isi boshlang‘ich narxining oshirib qo‘yilishi natijasida asossiz olingan 826,5 million so‘m mablag‘ni esa davlatga ixtiyoriy ravishda to‘lash (qaytarish) belgilangan. Bu holatda “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJ Qo‘mita qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida qilgan arizasi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 6-yanvardagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Bu ish keyinchalik Oliy sudgacha borib, alaloqibat jamiyat foydasiga yechim topdi.
Umuman olganda, bu kabi holatlar mamlakatimizda raqobatni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, jarayon tobora faol bo‘lib borayotganini anglatadi. Bu faollik esa yuqorida qayd etganimizdek foyda keltiradiki, aslo zarar emas. Shunday ekan, iste’molchi sifatida faol bo‘lishdan tortinmang, deymiz.