O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z faoliyatida raqobatni ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud instansiyalarida faol qatnashib kelmoqda.
Jumladan, Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaroning 2023-yil dekabr oyida “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan 9 711 050 so‘m asossiz qarzdorlik belgilanganidan norozi bo‘lib, mazkur qarzdorlikni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi murojaati kelib tushgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaro 2018-yildan 2022-yilgacha gaz ta’minotidan uzilgan bo‘lishiga qaramasdan korxona tomonidan xonadon foydalanmagan gaz uchun qarzdorlik belgilanganligi aniqlandi. Vaholanki, “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan murojaatchiga gaz tarmog‘idan uzilganidan so‘ng, iste’molchi tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik yuzasidan biron bir dalolatnoma rasmiylashtirilmagan, qarzdorlik qanday asoslarda qayta hisob–kitob qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar va uni tasdiqlovchi faktlar bayon etilmagan. Iste’molchi xonadoni tabiiy gaz tarmog‘idan uzilganidan so‘ng, 2022-yil may oyida yangi hisoblagich o‘rnatilgunga qadar gazdan foydalanilmagan.
Shundan kelib chiqib, hududiy boshqarma tomonidan 2023-yil 14-dekabrda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab javobgar “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filialiga nisbatan “tabiiy gazdan asossiz hisoblangan qarzdorlikni bekor qilish” haqidagi da’vo arizasi kiritilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2024-yil 5-fevraldagi ajrimi bilan fuqarolik ishi Koson tumanlararo sudiga o‘tkazilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudida ish ko‘rib chiqilib, sud jarayonida haqiqatdan ham iste’molchining tabiiy gazdan foydalanish huquqlari poymol etilgan, ya’ni unga foydalanmagan davri uchun asossiz ravishda 9 711 050 so‘m qarzdorlik hisoblangan deb topilib, sudning 2024-yil 08-apreldagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi qanoatlantirildi va javobgar “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan iste’molchiga nisbatan tabiiy gazdan foydalanish yuzasidan hisoblangan 9 711 050 so‘m qarzdorlik g‘ayriqonuniy deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 477-moddasiga asosan qarzdorlik bartaraf etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, iste’molchi huquqlari himoya qilinib 9 711 050 so‘m mablag‘ fuqaro foydasiga to‘liqligicha undirib berilishi ta’minlandi.
Xulosa qilib aytganda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi respublikamizning barcha hududlarida raqobatni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan bu kabi ishlarni tizimli tarzda amalga oshirib kelmoqda.