Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan issiqlik ta’minotiga ulangan iste’molchilarga belgilangan ta’riflarda issiqlik energiyasini yetkazib berish xizmati yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari o‘tkazildi. Jumladan, Qo‘mitaning Namangan viloyati misolida “Issiqlik manbai” ICH DUK tomonidan 2023-2024-yil isitish mavsumida 2023-yil 15-noyabr kunidan 2024-yil 15-mart kuniga qadar xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Xizmat davomida iste’molchilarga issiqlik energiyasini 2019-yil 22-avgustdan 1 m2 uchun 1 kunga 158,63 so‘m, yuridik shaxslar uchun 1 Gkal 128400 so‘m (QQS bilan) tariflarda xizmat ko‘rsatilishi belgilangan. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan viloyatdagi iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish davomida elektr energiya, gaz va ichimlik suv ta’minotida bo‘lgan uzilishlar hisobiga yetarli sifatda va me’yordan past darajada berilgan issiqlik energiyasi uchun ko‘rsatilmagan xizmat uchun 1256 ta xonadonga jami 10 mln so‘mga yaqin pul mablag‘lari hisoblanganligi ma’lum bo‘lib, ushbu mablag‘lar iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi. Andijon viloyati misolida “Issiqlik manbai” DUK tomonidan aholiga va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga issiqlik energiyasini yetkazib berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha boshqarmaning tegishli so‘rov xati yuborilgan. Ammo “Issiqlik manbai” DUK tomonidan ma’lumotlar hududiy boshqarmaga taqdim etilmagan. Yuqoridagilarga muvofiq, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 32 va 44 -moddalari buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi sababli “Issiqlik manbai” DUK mas’ul mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Buxoro viloyati misolida Fuqaro N.Imomovaning issiqlik ta’minoti xizmatidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. Olib borilgan o‘rganish davomida, fuqaro o‘zi istiqomat qilayotgan uyda “Issiqlik manbai” DUK tomonidan issiqlik energiya ta’minoti bilan ta’minlanmagan bo‘lsa-da, 15 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblanganligi holati aniqlangan. Yuqoridagilarga ko‘ra, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 21-moddasi talablarini buzish alomati yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga (“Issiqlik manbai” DUK) nisbatan ish qo‘zg‘atilib, noreal qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rsatma berilgan.
Ushbu yangilik bilan boʻlishish