Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonalarida o‘rganish ishlarini o‘tkazdi.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda Qarshi shahrida joylashgan ko‘p qavatli uy-joylarga “ISSIQLIK MANBAI” DUK tomonidan belgilangan tartibda issiqlik energiyasi yetkazib berilmagani va ana shu davr uchun o‘zaro qayta hisob-kitob qilinmayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida “ISSIQLIK MANBAI” DUKning lokal qozonxonalari o‘tgan davr mobaynida turli texnik sabablar bilan ya’ni rejali ta’mirlash, tizimdagi avariyalar, gaz bosimining me’yordan pasayib ketishi, sovuq suv va elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar yuzaga kelgani uchun ishlamagan hamda jami xizmat ko‘rsatiladigan 6132 ta xonadondan 2796 tasiga xizmat ko‘rsatilgan.
Hududiy boshqarma qozonxonalarning ishlamagan kunlari hisobidan iste’molchilarga issiqlik ta’minoti yetkazib berilmagan kunlar uchun olingan mablag‘larning mavsum yakuni bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilinishi holatini ko‘rib chiqdi. Mazkur xizmat uchun oldindan to‘lovni amalga oshirgan fuqarolarga hisoblangan to‘lovlar tarkibidan xizmat ko‘rsatilmagan kunlar qismi hisobi chiqarib tashlangan, qayta hisob qilingan va iste’molchilarning abonent kartasiga bu haqda ma’lumot kiritib qo‘yilgan, ammo uni rasmiylashtirish to‘laqonli amalga oshirilmagan ya’ni ayrim iste’molchilar hisobidagi hisoblangan summalarning xizmat ko‘rsatilmagan kunlari uchun chiqarib tashlanmaganligi holatlari aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan, “ISSIQLIK MANBAI” DUK “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga zid ravishda ish tutgan deb topilib, korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalari va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, ko‘p qavatli uylarda joylashgan 4000 ga yaqin xonadonlarda yashovchi iste’molchilarga hisoblangan 2 mlrd 81 mln so‘m pul mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.