Joriy yilning 27-iyun kuni Raqobat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farruh Karabayev va Buyuk Britaniya hukumatining maslahatchisi, bosh iqtisodchi Milian Sladoye bilan turli iqtisodiy va huquqiy jihatlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan va Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” dasturi (Effective Governance for Economic Development, EGED) doirasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, suhbat davomida quyidagi mavzularga to‘xtalib o‘tildi:
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni: Ikkala tomon ham ushbu qonunning mamlakatda raqobatni rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar. Qonunga yaqinda kiritilgan o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar sonining qisqarishi: F.Karabayev O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalari sonini qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi. Ushbu chora-tadbirlar davlatning iqtisodiyotdagi bevosita ishtirokini kamaytirish va raqobatbardosh bozor muhitini rag‘batlantirishda katta ahamiyatga egaligi, sanoatning bir qancha tarmoqlarida eksklyuziv huquqlarning bekor qilinishi ham ushbu maqsad sari zarur qadam ekanligi ta’kidlandi.
“Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” dasturi: Uchrashuvning muhim qismi Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan va Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan, O‘zbekistonga xalqaro ekspertiza taqdim etishda muhim rol o‘ynagan EGED loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Loyiha “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi tahrirda qabul qilingan qonunni ko‘rib chiqishda Buyuk Britaniya va Kanada ekspertlarini jalb qilishga yordam berdi.
Kelajakdagi hamkorlik tashabbuslari: Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qiziqish bildirib F.Karabayev Buyuk Britaniyaning Raqobat bozori boshqarmasi (Competition Market Authority) bilan kelgusida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ta’kidladi. Muayyan qiziqish sohalari qatoriga “peer-to-peer” qo‘llab-quvvatlash va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish bo‘yicha umumiy yondashuvlarda hamkorlikni amalga oshirish kiradi.
Iqtisodiy tahlil: Rais o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekistonda raqobatning iqtisodiy o‘sish va kambag‘allikni kamaytirishga ko‘rsatadigan ta’sirini har tomonlama tahlil qilish uchun EGED dasturi orqali resurslarga ehtiyoj borligini ta’kidladi. Ushbu tahlil kelajakdagi siyosiy qarorlar va islohotlarni boshqarish uchun muhim ma’lumotlarni taqdim etishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga kelishib oldilar.