Qo‘l brasletlari, ko‘p funksiyali va turli ko‘rinishda, ozishga yordam beruvchi ekanligi haqidagi reklamalar internet sahifalarida keng tarqalib bormoqda. Ularda immunitetni oshirish, charchoqni kamaytirish, bosh va bo‘g‘im og‘riqlarini yo‘qotish, jismoniy va aqliy qobiliyatni oshirish kabi 10ga yaqin davolash xususiyatga ega ekanligi yoritilgan. Bunday ma’lumotlar ko‘pincha noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi bo‘lib chiqishi mumkin.
Xarid qilmasdan oldin nimalarga e’tibor berish kerak?
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarga qo‘l brasletlarini xarid qilishdan avval mazkur tibbiy mahsulotning klinik sinovlardan o‘tgani va Sog‘liqni saqlash organlari tomonidan tasdiqlangan hujjatlari bilan tanishish kerakligini eslatib o‘tadi. Agar bunday hujjatlar yo‘q bo‘lsa, reklama noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi hisoblanadi!
Shuningdek, internetning ochiq manbalaridan bu borada mamlakatimiz va xorijdagi ilmiy tadqiqotlar, forumlar hamda sharhlar orqali iste’molchilarning fikrini o‘rganib chiqish va ularni tahlil qilish maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, noaniq, chalg‘ituvchi yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan reklama tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladi.