Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasiga “CHOPAR DELIVERY” MChJ rahbari A.Karimov murojaat qilib, jamiyat umumiy ovqatlanish xizmati faoliyati bilan shug‘ullanishini, “CHOPAR” tovar belgisining huquqiy egasi ekanligini, mazkur belgi kafe peshtoqida mavjudligini, biroq Andijon viloyati, Marhamat tumani, Mustaqillik ko‘chasida faoliyat yuritib kelayotgan “MARHAMAT SAVDO SANOAT” MChJ tomonidan «CHOPARBOLA» belgisidan foydalanib kelayotganligini maʼlum qilgan va ushbu holat bo‘yicha chora ko‘rilishini so‘ragan.
Murojaat Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganib chiqilgan va “MARHAMAT SAVDO SANOAT” MChJ ham umumiy ovqatlanish xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishi, yaʼni “CHOPAR DELIVERY” MChJga nisbatan raqobatchi ekanligi, jamiyatga qarashli umumiy ovqatlanish binosi peshtoqida “CHOPAR” belgisi mavjudligi, kafeda foydalanilayotgan barcha ashyo (fartuk, shapka, qog‘oz chashka va boshqa)larda «CHOPARBOLA» belgisidan foydalanilayotganligi, jamiyat tomonidan telegramm ijtimoiy tarmog‘ida «CHOPARBOLA» belgisi ostida guruh yaratilganligi va mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelinayotganligi aniqlangan.
Mazkur holatda “MARHAMAT SAVDO SANOAT” MChJ foydalanayotgan «CHOPARBOLA» belgisining “CHOPAR” qismi “CHOPAR DELIVERY” MChJning “CHOPAR” tovar belgisi bilan aynan o‘xshashligi, umumiy taassurotda esa «CHOPARBOLA» belgisi “CHOPAR” tovar belgisi bilan isteʼmolchilarni adashtirib yuborish darajasida o‘xshashligi aniqlangan.
Natijada “MARHAMAT SAVDO SANOAT” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan va jamiyat O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi talablarini buzgan deb topilgan hamda mazkur qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Mazkur ko‘rsatma “MARHAMAT SAVDO SANOAT” MChJ tomonidan to‘liq bajarilgan, yaʼni umumiy ovqatlanish binosi peshtoqidagi “CHOPAR” belgisi olib tashlangan, foydalanilayotgan barcha ashyo (fartuk, shapka, qog‘oz chashka va boshqa)larda «CHOPARBOLA» belgisi yo‘q qilingan hamda telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi «CHOPARBOLA» guruhining nomi «DUAS» nomiga o‘zgartirilgan.