O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra insofsiz raqobat bu – xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlari bo‘lib, monopoliyaga qarshi organning asosiy vazifalaridan biri insofsiz raqobatni aniqlash va ularga chek qo‘yish hisoblanadi.
2023 yil davomida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qo‘mitasiga insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha 242 ga murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning 81 tasi bo‘yicha 62 ta ish qo‘zg‘atilgan va belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan, qonunbuzilish alomatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli 24 ta ishni qo‘zg‘atish rad etilgan. Qolgan murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun zarur ma’lumotlar va hujjatlar yetishmasligi sababli ariza egalariga qonunchilik talablari to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan.
Qo‘zg‘atilgan 62 ta ishning 47 tasida qonunbuzilishi holati e’tirof etilgan va qonunbuzilish holatini bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilgan. Qolgan ishlar qonunbuzilish holati o‘z isbotini topmaganligi sababli ish yurituvidan tugatilgan.
Kelib tushayotgan murojaatlarga ko‘ra insofsiz raqobat holatlari raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida turli ko‘rinishlarda uchraydi va har bir holat qonunchilik talablari doirasida ko‘rib chiqiladi. Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holati e’tirof etilib, uni bartaraf qilish to‘g‘risida ko‘rsatma beriladi va ijrosi ta’minlangandan so‘ng mazkur ish tugallangan hisoblanadi.
Jumladan, Gollandiyaning “Akzo Nobel Coatings International B.V.” kompaniyasi Qo’mitaga murojaat qilib, “LEVIS” MVX xalqaro tovar belgisining huquqiy egasi ekanligi, biroq “HUMO NEW” MChJ va YaTT “R.U.U”ga tegishli do‘konlarda kompaniyaning ushbu tovar belgisiga aynan o‘xshash bo‘lgan “LEVIS” nomli rangli bo‘yoqlar sotilayotganligini, ushbu bo‘yoqlar qadoqlash bankalarining tashqi ko‘rinishi va ranglar uyg‘unligi kompaniya mahsulotlari qadoqlash bankalarining tashqi ko‘rinishi va ranglar uyg‘unligiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash ekanligini bildirgan va holat bo‘yicha tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.
Maxsus komissiya tomonidan “HUMO NEW” MChJ va YaTT “Rasulov Umid Uyg‘unovich”ga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish jarayonida qonunbuzilish holati mavjudligi aniqlandi va ularga tegishli tartibda ko‘rsatmalar berildi. Mazkur MChJ va YaTTlar tomonidan ko‘rsatmalarning ijrosi belgilangan muddatda ixtiyoriy ravishda ta’minlandi va qoqnun buzilish holati bartarf etildi.
Yana bir misolga to‘xtalib o‘tsak, O‘zbekistonda 1994 yildan boshlab “DORI-DARMON” AJ farmasevtika mahsulotlarining savdosi bo‘yicha faoliyat yurituvchi korxona hissoblanadi. Mazkur jamiyat o‘z firma nomi, tovar belgisi va imidji bilan aholi o‘rtasida tanilgan.
Raqobat qo‘mitasiga “DORI-DARMON” AJ murojaat qilib, mazkur xizmat ko‘rsatish bozorida 2022-yildan “DORI DARMON TAMINOT SERVICE” MChJ ham faoliyat boshlagani, uning firma nomida “DORI DARMON” so‘zlarining mavjudligi davolash profilaktika muassasalarida va boshqa xaridorlarda yangi tasavvurlar paydo bo‘lishiga olib kelayotgani, jamiyatning ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotgani to‘g‘risida ma’lum qilgan va holat yuzasidan qonunchilik doirasida chora ko‘rishlikni so‘ragan.
“DORI DARMON TAMINOT SERVICE” MChJga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish jarayonida mazkur MChJning firma nomidagi “DORI DARMON” so‘zlari haqiqatan ham “DORI-DARMON” AJ firma nomi bilan aynan o‘xshashligi aniqlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan firma nomlari ko‘rsatilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilganligi, firma nomini tanlashda tadbirkorlik subyektining o‘zi javobgar hisoblanishi qayd etilgan.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining firma nomiga o‘xshash bo‘lgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan avvalgi tahrirdagi 13-moddasiga ko‘ra, o’xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan foydalanish taqiqlanganligi belgilab qo‘yilgan.
Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan 12.06.2023 yildagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi … raqobatchini obro‘sizlantirish, yaʼni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan holatni sodir etgan deb topilgan ва “DORI DARMON” firma nomini boshqa nomga o‘zgartirish choralarini ko‘rish to‘g‘risida MChJga bajarilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatma berilgan. Ammo MChJ mazkur qarordan norozi bo‘lib, Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashi va sudga murojaat qiladi. Murojaatlar qonuniy o‘rganib chiqilib, shikoyat rad qilingach, jamiyat Raqobat qo‘mita ko‘rsatmasini bajaradi va MChJ nomini o‘zgartirilishi ta’minlanadi.