Bugungi kunda Hukumat tomonidan birja savdolarida bozor konyunkturasini hisobga olgan holda, real narxni shakllantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, sog‘lom raqobat va ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash, tovar-xom ashyo birjalari hamda birja ishtirokchilari faoliyatida qonun buzilishi holatlarining oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning 11-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 220-sonli qarori bilan “Zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish orqali birja savdolarida narxlar o‘zgarishining oldini olishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida ikki tomonlama qarama-qarshi auksion orqali birja savdolarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida ikki tomonlama qarama-qarshi auksion orqali birja savdolarini o‘tkazish tartibi sxemasi tasdiqlangan.
Qo‘shimcha qulayliklar nimalardan iborat?
Qaror doirasida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qaroriga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan. Ya’ni, yuqori likvidli yoki monopol turdagi mahsulotlar sotuvida:
Birja savdolarida sotilmay qolgan mahsulotlarning hajmlari takroran birja savdosiga qo‘yilishi;
sotuvchi tomonidan mazkur hajmlar bo‘yicha mahsulotning boshlang‘ich narxi qayta ko‘rib chiqilishi;
boshlang‘ich narxdan past narxda buyurtmalar qabul qilinishi;
savdolarni ikki tomonlama auksion tartibi orqali o‘tkazilishi bo‘yicha tovar-xom ashyo birjalariga murojaat qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi normalar bilan takomillashtirildi.