Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni qiziqtirib, xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan kompaniyalar tomonidan o‘tkazilayotgan yutuqli o‘yinda ishtirok etish orqali qimmatbaho sovg‘alar yutib olish mumkinligi haqidagi yolg‘on reklama aksiyalari berib kelinmoqda, ularning asl maqsadi aldov yo‘li bilan fuqarolarni ishontirib, ularning shaxsiy ma’lumotlarini bilib olishdan iborat.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “Ucell” mobil operatori bahor mavsumi kirib kelishi munosabati bilan o‘z abonentlariga 3 oylik bepul megabayt va qo‘ng‘iroqlar taqdim etilishi haqida aksiya o‘tkazilayotganligi, ushbu aksiyada qatnashish uchun Telegram kanalga kirib, shaxsiy ma’lumotlarni kiritib ro‘yxatda o‘tish so‘ralgan.
Shuningdek, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food” MChJ XK) tashkil topganligining 30-yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan 5 ta xonadon hamda 300 mln so‘mlik vaucherlar o‘ynalishi haqida axborotlar berilgan bo‘lib, ushbu aksiyada qatnashish uchun Telegram kanalga kirib, xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatib o‘tilgan.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu yolg‘on va noto‘g‘ri reklama aksiyaga ishonuvchilar ham topilgan va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan aksiyada ishtirok uchun shartlarni bajarganlik bo‘yicha izohlar qoldirilgan.
📱 Bu soxta (feyk) Telegram kanal bo‘lib, kirsangiz ma’lumotlarni kiritish so‘raladi, ma’lumotlar kiritilsa, akkauntingizga firibgarlarga kirish imkoni (dostup) ochiladi. Ushbu usul aldov sxemasi bo‘lib, shaxsiy ma’lumotlarni (ID-raqam, bank plastik kartalarini, ularning pin-kodini) qo‘lga kiritish yoki hisobingizdagi mablag‘ firibgarlar tomonidan yechib olinishi mumkin.
O‘z navbatida, Qo‘mita mutaxassislari tomonidan “Ucell” mobil operatori hamda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food” MChJ XK) rasmiy veb-saytlari o‘rganilganda bunday aksiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.
🌐 Internet orqali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash holatlari katta xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois, tekshirilmagan havolalarga, veb-resurslarga shaxsiy ma’lumotlaringizni, bank kartangiz ma’lumotlarini va SMS tarzda jo‘natilgan tasdiqlash kodini kiritmang.
‼️ Qo‘mita firibgarlarning turli usullari bilan bank kartangiz ma’lumotlarini bilib olishga urinishlariga javob bermaslikni, o‘tkazilayotgan aksiya haqidagi axborotlarni rasmiy manbalardan olishni, haqiqatga mosligini tekshirishni hamda noma’lum havolalarga kirmaslikni tavsiya qiladi.








