Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining
17-moddasiga muvofiq shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortigʻini tasarruf etish chogʻida bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish zarur hisoblanadi.
Oʻtgan yilning noyabr oyida OOO “AKKERMANN SEMENT” (Rossiya) “EUROCEMENT GROUP – CENTRAL ASIA” MCHJning ustav fondidan hamda “EUROCEMENT GROUP – CENTRAL ASIA” MCHJ “OHANGARONCEMENT” AJning ustav kapitalidan ellik foizidan ortiq aksiya (ulush) olishi masalasi Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilib, tovar bozorida tahlil oʻtkazilgan.
Tahlil natijalariga koʻra, investorlar sement ishlab chiqarish bozorida faoliyat olib borayotgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar ustav fondidan aksiya (ulush)larni tasarruf etmaganligini inobatga olib bitimlarga rozilik berilgan.
Aksincha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoniga muvofiq “QIZILQUMSEMENT” AJning ustav kapitalidagi 86,9 foiz davlat ulushi ommaviy savdoga qoʻyilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “UzAssets” investitsiya kompaniyasining maʼlumotlariga koʻra, “United Cement Group PLC” kompaniyasi bilan “QIZILQUMSEMENT” AJning ustav kapitalidagi 86,9 foiz davlat ulushini sotish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Mazkur holatda Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi aksiyalari (ulushlari) davlat xususiylashtirish dasturlari doirasida olinishiga doir bitimlarga monopoliyaga qarshi talablar tatbiq etilmasligi belgilangan.
Shu bilan birga, sement ishlab chiqarish bozorida raqobat muhitining holati yuzasidan tahlil oʻtkazilayotganligi va tahlil natijalariga koʻra maʼlum xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tovar bozorida ustun mavqeini egallagan deb eʼtirof etilgan taqdirda, ularga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar qoʻllanilishi bildiriladi.
Maʼlumot uchun, “OHANGARONCEMENT” AJ va “QIZILQUMSEMENT” AJ bugungi kunda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga sement mahsuloti ishlab chiqarish boʻyicha kiritilgan boʻlib, ushbu korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarga monopol yuqori va monopol past narxlar qoʻllanilishi Qoʻmita tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.