Har bir kunimizni un, shakar mahsulotlarisiz, xususan, nonsiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, bizning zaminda. Shu bois, mamlakatimiz aholisini un va shakar mahsulotlari bilan ta’minlash borasida ham tizimli ishlar yo’lga qo’yilgan. Aholi sonining oshishi, yashash sharoiti, moddiy ta’minot yaxshilanishi barobarida oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talab ham ko’paya boradi. Ayrim davlatlarda notinch vaziyatlar kelib chiqqanligi va jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan takliflarda o’zgarishlar kuzatilmoqda. Bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga ham sabab bo’lmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxining mamlakatimizda va dunyo miqyosida ko’tarilib borish ko’rsatkichi o’rganildi. Shakar va un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2022-yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo’lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo’yicha Hukumat tomonidan zurur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
O’zbekistonda hozircha ikkita – «Xorazm shakar» va «Angren shakar» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritadi.
Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xom-ashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.
Xususan, joriy yil 15-mart holatiga mazkur zavodlarda 260 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud.
Shundan, omborda 40 ming tn tayyor shakar va 32 ming tn xom ashyo, iyun oyiga qadar 178 ming tn xom-ashyo yetkazib beriladi.
Ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida birja savdolariga kunlik qo’yiladigan hajm o’rtacha 30 foizga oshirilmoqda.
Shuningdek, Respublikamizda 2021-yil hosilidan 6,7 mln tn bug’doy yetishtirilgan bo’lib, shundan 2,5 mln tn respublika don zahiralari uchun jamg’arilgan bo’lsa, 4 mln tn fermer va aholi ixtiyorida qolgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qaroriga muvofiq 2022-yil 31-dekabrga qadar Bug’doy uni yoki bug’doy-javdar uni respublika hududiga olib kirishda bojxona bojining “nol” stavkalari qo’llanilishi belgilangan.
Xususiy sektor tomonidan 2021-yilda 2,8 mln tn bug’doy va 0,4 mln tn un import qilingan bo’lib, 1 mln tn un qo’shni davlatlarga eksport qilingan.
Ta’kidlash joizki, 2021-yilda shakarning import hajmi 27 ming tonnani tashkil etib, bu Respublika ehtiyojining 5 foizini tashkil etadi. Bunda, ichki bozordagi ehtiyojning 1 foizi Rossiya va 0,7 foizi Ukraina davlatlaridan importga to’g’ri keladi.
Shu kabi, bug’doy bo’yicha ichki bozordagi ehtiyojning 0,2 foizi Rossiya davlatidan importga to’g’ri kelib, Ukrainadan umuman bug’doy import qilinmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ushbu davlatlarda shakar va bug’doy eksportiga joriy qilinayotgan cheklovlar Respublikamiz ichki bozorlaridagi ehtiyoj va narxlarga ta’sir etmaydi.
Shuningdek, respublika aholisini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda shakar va un mahsulotlari bilan ta’minlash bo’yicha Hukumat tomonidan zarur choralar ko’rilgan.
Umuman olganda, bugungi kunda ichki va tashqi bozorlardagi shakar va un ishlab chiqarish bo’yicha barqaror holat kelgusida shakar narxining oshishi bo’yicha xavotirga o’rin yo’qligini ko’rsatmoqda.