HUQUQINI BILGAN HAQINI QOLDIRMAS
An’anaga ko‘ra, har yili tadbir ma’lum bir mavzuga bag‘ishlanadi. 2023yilda – “Sifat: raqobatbardosh salohiyatingizni ro‘yobga chiqarish” mavzui bag‘ishlandi.
Ma’lumki, tovar va xizmatlar sifati dunyoning rivojlangan davlatlari iqtisodiyotining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Sifat istalgan korxona faoliyatining muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi, chunki faqatgina sifatli mahsulot iste’molchilarning doimiy talabiga ega bo‘lishi mumkin. Bugungi texnologik rivojlanish davrida “Sifatli mahsulot” tushunchasi ham kengayib bormoqda. Hozirda mahsulot nafaqat xavfsiz va ko‘rsatilgan xossalarga ega bo‘lishi, balki ekologik toza hamda tarkibi zararli moddalarsiz bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilmurod Botirov xalqimiz talabi va ehtiyojiga ko‘ra iste’mol bozorida mahsulot sifatini nazorat qilish, bunda jamoatchilik nazorati va mijozlar e’tirozlari bo‘yicha bajarilayotgan amaliy choralar haqida ma’lumot berdi.
Iste’molchilarning mablag‘lari qaytarildi
Dilmurod BOTIROV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i:
— Qo‘mitamiz tomonidan respublikamizda bozordagi tovar va xizmatlarning sifatini oshirishni rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish maqsadida, tasdiqlangan reja-grafik asosida muntazam ravishda chakana savdoda tovarlar nazorat xaridini va ularni ekspertizadan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, 2023-yil 9 oyi davomida jami 181 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilib, ularni ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, 13 nomdagi mahsulotlar normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan. Misol uchun:
- Oziq-ovqat mahsulotlaridan 4 ta holatda (“Exclucive Salt” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Yagona” nomli, “Rasulzoda” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Adina” nomli, “Termiz” XK tomonidan ishlab chiqarilgan “O‘zbegim” nomli, “Mashkura Biznes” XK tomonidan ishlab chiqarilgan “Farxod” nomli) osh tuzlari;
- 9 nomdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan 3 nomdagi maishiy texnika (Xitoyda ishlab chiqarilgan “Bosch BS-7722” nomli, “Yoshiba YH-889” nomli, “ION FK-9900” nomli soch quritish uchun Fen) mahsulotlari;
- 6 ta dori vositalari (qalbaki yoki davlat reyestriga kiritilmagan) amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan.
IMPORT QILUVCHI KORXONALAR OGOHLANTIRILDI,
2 ta dorixona litsenziyasi bekor qilindi…
Dilmurod Botirovning ma’lum qilishicha, yuqoridagi 3 ta holat yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha import qiluvchi korxonalarga ogohlantirish xatlari chiqarilgan.
Bundan tashqari, 4 ta holat yuzasidan, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ishlab chiqaruvchi va Sanitariyaepidemiologiya xizmatiga xatlar yuborilgan. Shuningdek, qolgan 6 ta holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rish uchun vakolatli organga to‘plangan hujjatlar yuborilgan. Natijada 2 ta dorixonani Iqtisodiy sudlarning hal qiluv qarori bilan tashkilot litsenziyalari bekor qilingan.
Qo‘mita mas’uli ta’kidlashicha, 2023-yil 9 oyi davomida Raqobat qo‘mitasiga iste’molchilardan jami 15 578 ta murojaatlar kelib tushgan. Ularning 5203 tasi (33,3 foiz) uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 6794 tasi (43,6 foiz) savdo va umumiy ovqatlanish, 3026 tasi (19,4 foiz) aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 555 tasi (3,5 foiz) reklama munosabatlari masalalariga to‘g‘ri keladi. Mazkur murojaatlarning 13 428 tasi yoki 86,2 foizi (9 399 tasi qanoatlantirish va 4029 tasi huquqiy yordam berish orqali) ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda 16 015 nafar iste’molchilarning huquqlari buzilganligi aniqlangan va iste’molchilar foydasiga 17, 758 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ayrim iste’molchilar sifatsiz tovar xarid qilganida yoki xizmat ko‘rsatilganda ko‘pincha o‘z huquqini talab qilib, murojaat qilishmaydi. Ular o‘z vaqtida murojaat qilsa, sifat nazoratini tizimli olib borishga hissa qo‘shgan bo‘lishardi.
Yurtdoshlarimiz huquqlari buzilganda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun, Qo‘mitaning 1159 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.