Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyatida keng jamoatchilik vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Qo‘mita raisi maslahatchisi O.Usmonov, hududiy boshqarma boshlig‘i B.Toyirov va boshqa tegishli hamkor tashkilotlar, jamoatchilik faollari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda hududiy boshqarma boshlig‘i B.Toyirov 2024-yil yakunlari va 2025-yil 1-choragida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Mazkur ochiq muloqot davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 10dan ortiq murojaat va takliflar qabul qilindi.
Jumladan, fuqarolardan A.Temirov va O‘.Xudoyberdiyevlar o‘zlari yashab turgan ko‘p qavatli turar joyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasining xizmatlaridan noroziligini bildirib, to‘lovlar olinsa-da, yetarlicha vazifalarini bajarmayotganligi va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qayta hisob-kitob qilish yuzasidan amaliy yordam so‘radi;
“SAMARQAND OLTIN ASR” MChJ (BSK) vakilining suv ta’minotining moddiy texnik bazasi yetishmasligi natijasida ular tomonidan xizmatlar o‘z vaqtida bajarilmayotganligi borasidagi muammolarni bartaraf etish hamda maishiy chiqindi tashish xizmatlarida BSKlarga qo‘shimcha xarajatlar vujudga kelayotgani, uni bartaraf etish va takomillashtirish yuzasidan murojaatlari qabul qilinib, ijroga yo‘naltirildi.
Shuningdek, “MO‘MIN OTA 1954” MChJ rahbarining autsorsing xizmatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan davlat xaridlarida buyurtmachi tomonidan tanlov savdolariga qo‘yiladigan yagona minimal talablarni ishlab chiqish va takomillashtirish hamda tanlov savdolarida raqobatni cheklaydigan holatlarni bartaraf etish borasidagi takliflari belgilangan tartibda qabul qilindi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan barcha qurilish korxonalariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka qat’iy rioya qilish va amaldagi shartnomalarni iste’molchilar huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ogohlantirishlar yuborish belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 2024-yil davomida 20 mlrd so‘mga yaqin hamda 2025-yil 1-chorakda 2 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari iste’molchilar va tadbirkorlik subyektlari foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.