7 sentabr kuni Minsk shahrida boʻlib oʻtgan Monopoliyaga qarshi siyosat boʻyicha Davlatlararo kengashning 53-yigʻilishida ishtirok etish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Sh.Sharaxmetov va Rossiya Monopoliyaga qarshi Federal xizmati rahbari M.Shaskolskiy oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda monopoliyaga qarshi tartibga solishning dolzarb masalalari, birja faoliyatini nazorat qilish hamda oziq-ovqat bozorlarida narxlarni tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Rossiya Federal Monopoliyaga qarshi xizmati oʻrtasida raqobat siyosati sohasida oʻzaro anglashuv va hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Memorandum imzolanishidan asosiy maqsad, tomonlar raqobat siyosati sohasida, shuningdek, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini tekshirish va ko‘rib chiqish, davlat xaridlari va birja savdolari sohasida tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.