Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Qayumov kirish so‘zi bilan ochib, quyidagilarni ma’lum qildi:
“Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurash e’lon qilganda, ayrimlar hayolida yana katta minbarda aytilgan umumiy gap, degan fikr paydo bo‘ldi, ayrimlar esa buni oxirgi ogohlantirish sifatida jiddiy qabul qilmadi. Lekin, yil natijalari, korrupsiyaga qarshi e’lon qilingan kurash — Yangi O‘zbekiston — ochiq O‘zbekiston amaliyotiga to‘liq mos kelishini ko‘rsatdi. Davlat tashkilotlari hamda tadbirkorlikning barcha bo‘g‘inlarida korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borilayotganligi namoyon etildi.
Qancha rahbarlar va tadbirkorlar o‘zlarining qilmishlariga yarasha jazo oldilar va eng muhimi bu holatlar ochiqdan ochiq OAV orasida keng muhokama qilinishi boshlandi. Bundan bir necha yil oldin bunaqa qing‘ir ish uchun jazo belgilanganda bu ishlar oshkor qilinmasdan yopdi-yopdi bilan o‘tib ketardi va natijada xalq nima uchun u yoki bu rahbar, tadbirkor ishdan ketganiga turli taxminlarni bildirardi.
Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf xatarlarning oldini olish bo‘yicha “E-Antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirildi.
Lekin, bu kurashda biz ham befarq bo‘lishimiz kerak emas. Yangicha fikrlashga tezroq o‘tishimiz kerak, korrupsiyaga undovchi omillarni ochiqchasiga muhokama qilib, biz ham umumiy kurashga qo‘shilishimiz kerak.
Endi vaziyat o‘zgardi. Ochiqlik prinsipi e’lon qilindi. Endi aybdorlar nafaqat jinoiy javobgarlikka tortilyapti, balki butun xalq oldida ismi va kirdikorlari oshkor etilib, tegishli bahosi berilyapti. Ushbu jinoyatlarni ochiqdan-ochiq e’lon qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarni yakuniga yetkazish hamda ularning ildizlariga bolta urish uchun davlat rahbarimizda katta istak va kuchli siyosiy iroda mavjudligini ko‘ryapmiz.
Shundan so‘ng, Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berish uchun so‘zni, Qo‘mitaning Ichki audit, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi bosh mutahassisi A.Xakimovga berdi.
A.Xakimov o‘z so‘zida quyidagilarni ma’lum qildi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Qo‘mitaning markaziy apparati tuzilmasida alohida, Ichki audit, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi tashkil etilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Qo‘mita o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan.
Mazkur memorandum doirasida Qo‘mitaga yuklatilgan funksiyalari bo‘yicha korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan lavozimlar aniqlanib, ularning xatar darajasini minimallashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi tavsiyaviy hujjatlar to‘plamidan foydalangan holda, korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilgan va Qo‘mita raisining tegishli buyruqlari bilan tasdiqlangan.
Jumladan:
– Qo‘mitaning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati;
– Qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, hududiy organlari va idoraviy mansub tuzilmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Uslubiyoti;
– Qo‘mita va uning tarkibiy tuzilmalarida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risidagi Nizomi;
– Aloqa kanallari orqali korupsiyaviy xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti;
– Qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va hududiy organlari xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnoma;
– Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizimdagi tashkilotlarida kontragentlarni o‘rganishga oid Yo‘riqnoma;
– Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma;
– Qo‘mita va uning hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurash tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish to‘g‘risida Nizom;
– Qo‘mita xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari, odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha Reglamenti;
– Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizimdagi tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha Dastur;
– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqacha tarzda ko‘maklashgan Qo‘mitaning xodimlarini rag‘batlantirish tartibi;
– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari, hududiy organlari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;
– O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish uslubiyoti va boshqalardir.
Shuningdek, Qo‘mita va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘rtasida “Qo‘mita tizimidagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish uchun tanlov asosida saralab olish to‘g‘risidagi Tartib” tasdiqlangan bo‘lib, 2021-yil 1-yanvar kunidan boshlab Qo‘mita tizimidagi mavjud vakant lavozimlarga xodimlarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti joriy etilgan.
Bundan tashqari, Qo‘mitadagi ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va rotatsiya qilish jarayonida har yili manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi arizani to‘ldirish, manfaatlar to‘qnashuvining kelib chiqish fakti bo‘yicha xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, huquqbuzarliklar va ularga sharoit yaratuvchi omillar haqidagi xabarlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va o‘z vaqtida oldini olish maqsadida Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha “ishonch telefoni” (71-207-49-00) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashishga oid anonim shikoyatlar uchun alohida elektron pochta (anticorruption@antimon.gov.uz) hamda @ACRUanticor_bot telegram kanali yaratilib, o‘z faoliyatini belgilangan tartibda olib bormoqda.
Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida, 2023-yil davomida Qo‘mita tizimida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanmadi, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tashkil etilgan “ishonch telefoni”, elektron pochta hamda @ACRUanticor_bot telegram bot orqali Qo‘mita tizimi xodimlari tomonidan korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganligi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda korrupsiyani oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berib o’tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-81-sonli Qaroriga asosan joriy etilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi asosida, Qo‘mitada korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olishga qaratilgan ishlar bo‘yicha 5 ta yo‘nalishda 29 ta indikatorlar asosida choraklik va yillik ma’lumotlar E-Anticor.uz elektron platformaga joylashtirilishi ta’minlanmoqda.
Kun tartibidagi masala bo‘yicha yig‘ilish qatnashchilari tomonidan berilgan savollarga Ichki audit, korrupsiyaga qarshi komplaens va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi bosh mutaxassisi tomonidan javoblar berildi.