Ijtimoiy tarmoq orqali “Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi?” mazmunida qoldirilgan murojaat fuqarolar muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, ushbu murojaatda “Agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga egaligi, shuningdek, mijozlar bu quruvchi korxona ustidan hatto murojaat qilingan taqdirda uning ishchanligi va obro‘siga putur yetkazilgan deya yana unga jarima qo‘llanishi” ham bildirilgan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “GOLDEN HOUSE” kompaniyasi tomonidan ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilish shartnomasi shartlarida iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilgan taqdirda hamda ushbu kompaniya faoliyatiga nisbatan norozilik bildirib OAV, tegishli idora va tashkilotlarga murojaat qilinishiga ham shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolinishi iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlardan biri ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 6, 21 va 23-moddalari talablari asosida “Golden House Property Group” MCHJga qonun buzilishi holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish choralarini ko‘rishi yuzasidan belgilangan tartibda ko‘rsatma berildi.
ESLATMA: Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari raqobat to‘g‘risidagi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishi shart.








