Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaroning muammosi hal etildi.
Fuqaro G.R. murojaatida, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sayohat agentligi orqali Panama Respublikasining Managua shahriga ishlash maqsadida 28 988 000 so‘m pul mablag‘i to‘lov qilib avia chipta sotib olganligi, biroq jamiyat tomonidan aldov yo‘li bilan u davlatga Olmaota-Istanbul orqali borsa viza kerak emasligi bildirilganligi va fuqaroning turmush o‘rtog‘i Istanbul shahriga yetib borganida viza yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasiga qaytarib yuborilganligi hamda to‘langan pul mablag‘i qaytarib berilmaganligidan norozi bo‘lib, ushbu holat yuzasidan amaliy yordam berish so‘ralgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko‘ra, tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi huquqiga ega ekanligi eslatib o‘tiladi.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida, sayohat agentligi tomonidan Fuqaroga to‘langan pul mablag‘i to‘liq qaytarib berildi.