FUQARODAN SAVOL:
– Reklamada homiy va sheriklar to‘g‘risidagi axborotlar qay tartibda beriladi?
JAVOB:
Islomiddin Nuriddinov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi.
Teleko‘rsatuvlarni, radioeshittirishlarni yaratishda, televideniye va radioda namoyish etiladigan teatr-konsert, sport tadbirlarini hamda boshqa tadbirlarni tashkil qilishda homiylar va sheriklar ishtirok etishi mumkin.
Namoyish qilinayotgan teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning homiylari va sheriklari to‘g‘risidagi axborot dastur boshida hamda oxirida qisqa va aniq ko‘rsatilishi kerak. Homiyning nomi (nomlanishi) yonida uning tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) ko‘rsatilishi mumkin.
Homiylik va sheriklik belgilari “Dastur homiysi” va (yoki) “Dastur sherigi” shaklida homiy va (yoki) sherik haqidagi qaydni o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin.
Telekanallarda homiylik va sheriklik belgilarining xronometraji besh soniyadan, radiokanallarda esa yigirma soniyadan oshishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun, 19-modda.
https://lex.uz/docs/-6052631