FUQARODAN SAVOL:
– Avtokredit yoki sotib olish sharti bilan ijara, qaysi biri afzal?
JAVOB
Amaliyotda iste’molchi avtomashina sotib olishga qaror qilgan, biroq xarid uchun o‘z mablag‘lari yetarli bo‘lmaslik holatlari uchrab turadi. Bunday vaziyatda iste’molchi oldida odatda ikki yo‘l mavjud: tijorat banklaridan qarzga mablag‘ olish yoki keyinchalik sotib olish sharti bilan avtotransport vositasini ijaraga olish. Ammo, yodda tutish lozimki, istalgan shartnomani tuzishdan oldin, uning nozik jihatlariga e’tibor qaratish lozim. Qaysi variant qulay va to‘g‘ri? Qanday qilib firibgarlar hiyla-nayranglariga tushib qolmaslik kerak?
SHARTNOMA TUZISH SHARTLARI
Tijorat banklaridan avtomashina uchun kredit olish shartlari:
– tijorat banklari tomonidan kreditlar bitta shartnoma asosida avtotransport vositasini odatda rasmiy diler orqali birlamchi bozordan sotib olish uchun taqdim etiladi;
– aksariyat hollarda garov sifatida sotib olinayotgan avtomashina qabul qilinadi;
– asosiy ish joyi bo‘yicha jismoniy shaxsning barqaror daromadi kafolatlanishi majburiy hisoblanadi;
– sug‘urta polyusi talab etiladi.
Keyinchalik sotib olish sharti bilan avtotransport vositasini ijaraga olish ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlab bo‘nak (avans) to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risida shartnoma tuziladi, so‘ngra keyinchalik sotib olish sharti bilan ijara shartnomasi imzolanadi. Shuni ham hisobga olish lozim, agar ijaraga olinayotgan avtomashina markasi (turi) topilmasa, iste’molchi xizmat ko‘rsatayotgan korxona tomonidan taqdim etiladigan uchta variantdan birini tanlashga majbur. Agar iste’molchiga taklif qilingan variantlar yoqmasa, u pulni qaytarib olishga haqli, faqatgina 40-60 ish kuni o‘tganidan so‘ng (korxonaning siz xohlagan avtomashinani qidirishga yana 120 kun, jami 180 kungacha) haqli hisoblanadi.
Iste’molchi foydasiga “ishlamaydigan” yana bir muhim shart: agar dastlab shartnomada taklif qilingan transport vositasi taqdim etilmasa, Ijaraga beruvchi hech qanday majburiyatlarini o‘z zimmasiga olmaydi.
Shuningdek, bo‘nak (avans) to‘lov shartnomasi va sotib olish sharti bilan ijara shartnomasi korxona tomonidan 5 daqiqa ichida notarial tasdiqlanmasdan va boshqa hujjatlar talab qilinmasdan tuziladi.
Birinchi holatda bank bilan shartnoma tuzgan iste’molchi avtomashina egasiga aylanadi, ikkinchi holatda iste’molchi ijarachi hisoblanadi va avtomashinaga egalik huquqi unga tegishli bo‘lmaydi, ustiga-ustak korxonadan har oyda transport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma rasmiylashtirilishi lozim.
MONITORING
Bank ham, korxona ham avtotransport vositasidan maqsadli foydalanilayotganligini tekshirish huquqiga ega, biroq keyinchalik sotib olish huquqi bilan avtomashinani ijaraga olishda, ijarachi ijaraga beruvchining birinchi chaqiriga binoan avtomashinani monitoring qilish uchun olib kelishga majbur. Agar avtomashinani olib kelishni iloji bo‘lmasa, ijaraga beruvchi ijarachiga jarima qo‘llashi va hattoki to‘langan mablag‘larni qaytarmagan holda, shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin.
QO‘SHIMCHA XARAJATLAR
Bank orqali avtomashinani kreditga olishda ham, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olishda ham ma’lum qo‘shimcha xarajatlar mavjud. Misol uchun, bank kreditini olishda sug‘urta polisini rasmiylashtirishingiz kerak bo‘lsa, avans to‘lovi shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi lizing olish uchun hujjatlarni yig‘ish, tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun transport vositasi umumiy qiymatining 10% miqdorida bo‘nak (avans) to‘lashi lozim. Shuni alohida ta’kidlash joizki, avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qo‘shimcha xarajatlar (ma’lumotnoma, texnik pasport, davlat raqam belgisi, texnik ko‘rik, bank komissiya to‘lovi) iste’molchining o‘zi tomonidan alohidaamalga oshiriladi.
MOLIYAVIY SANKSIYALAR
Avtokredit shartnomasiga ko‘ra, kreditni to‘lash muddati kechikkan va muddati o‘tgan qarz yuzaga kelgan taqdirda foiz stavkasi oshiriladi (har bir bank o‘z foiz stavkasiga ega). Avtomashinani keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olish shartnomasiga ko‘ra bunday hollarda bir nechta sanksiyalar qo‘llanishi ko‘zda tutilgan: ijaraga oluchi tomonidan ijara haqini o‘z vaqtida yoki to‘liq to‘lamaslik uchun har bir kechikkan kun hisobida sanksiya; avtotransport vositasini ijaraga beruvchining talabiga binoan monitoring qilish uchun o‘z vaqtida olib kelmaslik uchun sanksiyalar. Bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi aksariyat korxonalarning shartnomalarida, shuningdek, agar ijaraga oluvchi to‘lovni to‘lash uchun ijaraga beruvchining oldiga kelishini imkoni bo‘lmasa, to‘lovni olish uchun yuborilgan xodimlar xizmat safari xarajatlari ham ijaraga oluvchi hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. Agar iste’molchi belgilangan vaqtda to‘lovni amalga oshira olmasa, shuningdek, nazorat uchun mashinani ta’minlay olmasa, u holda navbatdagi “jarima”ni to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
SHARTNOMANI BEKOR QILISH
Turli xil sabablarga ko‘ra moliyaviy ahvoli va to‘lov qobiliyati yomonlashgan iste’molchi shartnoma shartlarini bajara olmagan taqdirda uni nimalar kutishi mumkin?Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan avtokredit bo‘yicha to‘lovlarni qarz oluvchi o‘z vaqtida to‘lay olmasa, bank tomonidan garov sifatida olingan avtotransport vositasi sotuvga qo‘yilib, qarz miqdori qoplanadi, qolgan mablag‘ iste’molchiga qaytariladi. Sotib olish sharti bilan avtomashina ijaraga olingan taqdirda, transport vositasi olib qo‘yiladi va iste’molchiga mablag‘ qaytarilmaydi.