O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaroning Qarshi shahrida faoliyat olib borayotgan “Elmakon” do‘konidan muddatli to‘lov asosida Samsung A-53 rusumli telefon sotib olganligi, ammo hech qancha vaqt o‘tmasdan telefon nosozligi aniq bo‘lganligi va bu to‘g‘risida do‘kon rahbariyatiga murojaat qilishiga qaramasdan muammo hal etilmaganligidan noroziligi to‘g‘risidagi murojaati kelib tushgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida shartnomaviy munosabatlarning bajarilmaganligi inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Qonunining 23-25-moddalariga muvofiq Hududiy boshqarma tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da’vo ariza taqdim etildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi tomonidan vediokonferens aloqa rejimida o‘tkazilgan sudda kerakli va asosiy hujjatlarni taqdim eta olmaganiligi sababli Hududiy boshqarmaning fuqaroning manfaatidagi javobgar “BM ELMAKON” XK MChJ ga nisbatan nuqsoni bor tovarni sifatlisiga almashtirib berish majburiyatini yuklash va penya undirish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirishdan rad etildi.
Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro arizasiga ko‘ra Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellatsiya shikoyati kiritildi.
2023-yil 28-noyabrda Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 434-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-14-moddalariga asosan Da’vogar O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi fuqaro manfaatida javobgar “BM ELMAKON” XK MChJga nisbatan nuqsoni bor tovarni sifatlisiga almashtirib berish majburiyatini yuklash va penya undirish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilishi bo‘yicha qaror qildi.
Shuningdek, qarorga asosan fuqaroga 2023-yil 7-fevraldagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan tegishli bo‘lgan “Samsung A-53” rusumli aloqa vositasini xuddi shu rusumdagi sifati tegishli darajada bo‘lgan uyali aloqa vositasiga almashtirib berildi hamda javobgar “BM ELMAKON” XK MChJdan iste’molchi foydasiga 654.060 so‘m penya undirildi.