O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga Jizzax shahrida yashovchi fuqaro B.Mamatqulov joriy yilning iyun oyida avtomobil sotish salonidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan “ROODELL” MChJ va Qo‘mitaning Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rganish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida, nuqsonli tovar sotilganda, iste’molchi agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish yoki shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha, fuqaro B.Mamatqulovga tegishli bo‘lgan “CHERRY Tiggo 7 Pro” modelidagi avtomashinaning uzatma qutisida 53 mln so‘mlik nuqson mavjudligi aniqlanib, Qo’mita aralashuvi bilan uzatma qutisi yangisiga almashtirib berilib, fuqaro murojaati ijobiy hal etildi.