Raqobat qo‘mitasiga fuqaro I.K. qurilish tashkiloti tomonidan huquqlari buzilayotganligi, ya’ni belgilangan muddatda unga ikki xonali uyi foydalanishga topshirilmayotganligi yuzasidan murojaat qilgan.
Murojaat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda fuqaro Toshkent shahar, Al-Xorazmiy ko‘chasida qurilayotgan 5-qavatli turar joydan uy xarid qilish maqsadida “LONG LIVED BUILDINGS” MChJ bilan 2021-yil 24-sentyabrda shartnoma imzolagani, ammo mazkur uyni ololmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, shartnoma shartlariga muvofiq, qurilish obyekti 2023-yilning 3-choragida foydalanishga topshirilishi kerak edi. Fuqaro o‘z zimmasidagi majburiyatlarini to‘liq bajargani, shartnomani bekor qilib, uyga to‘langan mablag‘ini qaytarib berishlarini so‘rab qurilish tashkilotiga bir necha bor murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan murojaat batafsil o‘rganilib, fuqaroning huquqlari tiklandi. Natijada, shartnoma bekor qilindi va fuqaro tomonidan to‘langan 414 million so‘m mablag‘ qurilish tashkiloti tomonidan to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida. O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasida ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qo‘yiladi. Bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak. Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashi belgilab berilgan.