Farg‘ona viloyatida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari davom ettirilmoqda
Respublikamizning qolgan hududlarida ham aholi hamda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbir aholi tarkibi va uning rivojlanish dinamikasiga oid ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish hamda ular asosida aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini belgilashga xizmat qiladi.
Raqobat qo‘mitasi mutaxassislari boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida ro‘yxatga olish ishlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi. Jarayonning ahamiyati bo‘yicha mas’ul xodimlarga tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmalari, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari hamda tuman Sanitariya epidemiyalogiya bo‘limlarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Bundan tashqari, xonadonlari soni ko‘p bo‘lgan 10 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.
Tadbirning birinchi bosqichida rejalashtirilgan vazifalarni belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Hududlarda mazkur ishlar davom ettirilmoqda.








