Bugungi kunda, 45 dan ortiq yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni faqat birja savdolari orqali sotish tartibi joriy etilgan bo‘lib, mazkur amaliyot barcha bozor ishtirokchilari uchun teng bo‘lgan qoidalar doirasida raqobat muhiti va bozor tamoyillariga asoslangan holda faoliyat yuritish, mahsulot realizatsiyasini shaffof mexanizm asosida amalga oshirish, korxonalar tomonidan sun’iy narxlarni pasaytirish va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishda samarali vosita hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Zamonaviy birja mexanizmlarini joriy etish orqali birja savdolarida narxlar o‘zgarishining oldini olishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 11-apreldagi 220-sonli qarori bilan ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotilishi belgilangan tovarlar ro‘yxati kengaytirildi.
Yangi tartib 2025-yil 15-iyuldan kuchga kiradi
Qarorga muvofiq, 2025-yil 15-iyuldan boshlab monopol korxonalar va (yoki) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan quyidagi mahsulotlarni barcha xaridorlarga ichki bozorda faqat birja savdolari orqali, bozor tamoyillari asosida sotilishi belgilandi:
• Xlorid kislotasi
• Nitrat kislotasi
• Natriy sianid;
• Gipoxlorit natriy
• Suyuq azot
• Suyuq xlor
• Rux belilasi
• Ferromolibden
• Bazalt
• Fosforit
• Dolomit uni.
Mazkur mexanizm bozor ishtirokchilarini yuqori likvidli va monopol turdagi xom ashyo va materiallar bilan bir xilda ta’minlash imkonini beradi hamda sotuvchilar uchun mahsulotning bozor qiymatini aniqlashda zamonaviy birja instrumenti hisoblanadi.