Mamlakatimizda elektron tijorat tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Natijada tadbirkorlik subyektlari tovar, ish va xizmatlarni bozorga elektron platformalar (https://xarid.uzex.uz, https://cooperation.uz va boshqalar) orqali taklif qilishmoqda. Taklif va raqobatning halol bo’lgani yaxshi, albatta. Afsuski, mazkur jarayonda ayrim tadbirkorlik subyektlari intellektual mulk bilan bog’liq qonunbuzilish holatlariga yo’l qo’yishmoqda.
Xususan, xarid.uzex.uz va cooperation.uz platformalarida 35 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan “ORGSELL” MCHJga tegishli “AVTECH” tovar belgisidan jamiyatning ruxsatisiz foydalanish holatlari kuzatilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi holatni har tomonlama o’rganib chiqdi. Haqiqatda 35 ta tadbirkorlik subyektlari o’z e’lonlarida “AVTECH” tovar belgisi ostidagi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi sifatida foydalanganini, ammo ushbu korxonalar ishlab chiqaruvchi emas, balki chakana yoki ulgurji savdo yohud kompyuter texnikalarini ta’mirlash bilan shug’ullanishi aniqlandi. Tekshiruvlarda qonunbuzilishlar tizimli ravishda davom etayotganligi ma’lum bo’ldi.Masala intellektual mulkdan noqonuniy foydalanish bilan bog’liq bo’lgani, u davlat xaridlarining elektron do’kondagi savdolar jarayonida ro’y berganligi sababli yuzaga kelgan savollarga oydinlik kiritish maqsadida murojaat ushbu sohaning vakolatli organlari ishtirokida, jumladan, Moliya vazirligi, O’zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi va Elektron kooperasiya portali, albatta arizachi “ORGSELL” MCHJ vakillari va Qo’mita mas’ullari ishtirokida ko’rib chiqildi.
Ushbu holatni ko’rib chiqish davomida “ORGSELL” MCHJ tegishli tovar belgisidan boshqa xo’jalik yurituvchi subyektlarning tizimli ravishda noqonuniy foydalanishini oldini olish maqsadida xarid.uzex.uz va cooperation.uz platformalarida “AVTECH” tovar belgisidan noqonuniy foydalanilishiga blok qo’yish va shu kabi kamchiliklarga yo’l qo’yayotgan savdo ishtirokchilarini savdodan chetlatish choralarini ko’rish, maqsadga muvofiq deb topildi.
Ta’kidlash kerakki, yuzaga kelgan birgina muammoni hal qilish orqali elektron tijorat jarayonidagi intellektual mulk bilan bog’liq qonunbuzilish holatlarini bartaraf etib bo’lmaydi.
Shuni inobatga olgan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentiing “2022-2025 yillarda O’zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi Farmoni loyihasi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan elektron tijorat jarayonida intellektual mulk huquqini himoya qilish yuzasidan 2022-2025 yillarda O’zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasining asosiy maqsad va vazifalaridan biri sifatida belgilash, shuningdek intellektual mulk huquqining holatini o’rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilash bo’yicha o’z takliflarini bildirgan.