Elektr energiyasi uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz hisoblangan daromadni iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi
Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi subyekt “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filiali harakatlaridan norozi bo‘lib qo‘mitaga murojaat qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida, hisobga olish uskunasi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ulangan bo‘lishiga qaramay undagi ikkilamchi zanjirlari almashib ulab qo‘yilganligi, mazkur texnik xatolik uchun iste’molchiga oxirgi uch yil uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lov hisoblanganligi, texnik xatolik masalasi yangi elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida nazarda tutilib, eski tahrirdagi qoidalarda qayd etilmaganligi, shuningdek mazkur hisoblagichga to‘g‘ri ulangan subiste’molchining hisoblagich ko‘rsatkichlari chegirib tashlanmasdan hisoblanganligi aniqlangan.
Ma’lumot uchun, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasiga asosan ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan belgilangan narxlardan ortiqcha haq olish ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi hamda taqiqlanadi.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha iste’molchiga asossiz hisoblangan 1 mlrd 97 mln so‘mni qayta-hisob-kitob qilish hamda ushbu qonun buzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek ta’minotchining elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablariga amal qilinganligiga baho berish maqsadida tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborish to‘g‘risida qaror chiqarilib, ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot o‘rnida. Maxsus komissiyaning ushbu qarori va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lgan tomon Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.








