30-31 may kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishi holatlarini birgalikda tekshirish bo‘yicha shtabning 42-yig‘ilishi va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning Davlatlararo monopoliyaga qarshi siyosat kengashining 56-majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim tadbirlar bilan bir qatorda Muvofiqlashtiruvchi kengashning reklama bo‘yicha 25-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev boshchiligidagi vakillari, shuningdek, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston monopoliyaga qarshi idoralari vakillari ishtirok etdi.
Majlis davomida Farrux Karabayevning O‘zbekistonda so‘nggi yillarda raqobat sohasida amalga oshirilgan asosiy institutsional islohotlar haqidagi ma’ruzasiga alohida e’tibor qaratildi. 2023-yil oktabr oyidan kuchga kirgan “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonunning qabul qilinishi muhim yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidlab o‘tildi. Ushbu qonun raqobatga qarshi xatti-harakatlarga, jumladan, ustun mavqeni suiiste’mol qilish va kartel kelishuvlariga qarshi kurashishga qaratilgan qator yangiliklarni nazarda tutadi. Shuningdek, qonun davlatning iqtisodiyotga aralashuvi ustidan nazorat mexanizmlarini kuchaytiradi, raqobatga qarshi harakatlarni cheklash uchun qattiq jazo choralarini kiritadi.
Qayd etilgan uchrashuvlardan tashqari shu kunlarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning monopoliyaga qarshi organlari rahbarlarining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Monopoliyaga qarshi siyosat sohasida muhim muloqot va hamkorlik maydoniga aylangan tadbirda O‘zbekiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlarning monopoliyaga qarshi organlari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari ham ishtirok etib, ushbu tadbirning xalqaro ahamiyatini ta’kidladi.
Yig’ilish ishtirokchilari tegishli organlarning doimiy yig’ilishini tashkil etish bo’yicha strategik qaror qabul qildilar. Ushbu qaror Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning monopoliyaga qarshi organlari oʻrtasida tizimli va samarali hamkorlik qilish uchun asos yaratadi. Yangi tuzilma muntazam axborot almashishva xalqaro miqyosda raqobatga qarshi amaliyotlarning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha uyg‘unlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishga yordam beradi.