2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi inson qadrini yuksaltirish, xalqparvar davlat barpo etishga oid ustuvor maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlash davlat organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishni talab etmoqda. Yurtimizda bu borada olib borilayotgan tizimli islohotlarning navbatdagi amaliy natijasi o‘laroq, 2022-yilning 8-avgustida Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ladi. O‘zi aslida bu qonunga qanday ehtiyoj bor edi? Xorijiy mamlakatlar tajribasi, davlat xizmati toʼgʼrisidagi qonunlarida xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash, davlat xizmatida o‘sish, boshqa davlat lavozimiga o‘tish, mehnatiga haq to‘lash, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti va mehnat taʼtillari keng tartibga solinganini ko‘rishimiz mumkin.
Qabul qilingan Qonun aynan ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishda, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat siyosati yagonaligini taʼminlashda ayni muddao bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat Qonun Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlar, Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, Davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi va shartlari, Davlat fuqarolik xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish kabi normalarni o‘z ichiga olgan.
Qonunning 19-moddasida Manfaatlar to‘qnashuvi normasi aks ettirilgan.Ushbu normada, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi davlat organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerakligi o‘z navbatida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida maʼlumotlarni olgan davlat organining rahbari ushbu to‘qnashuvni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shartligi belgilab qo‘yildi.
Qonunda Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari bilan birgalikda uning javobgarligi ham alohida normada aks ettirilgan. 14-moddaga asosan, Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni davlat organi tomonidan qoplanishi va ushbu zarar keyinchalik aybdor bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatchisidan undirib olinishi ko‘rsatilgan.
Qonunda Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bir qator cheklovlarning ham kiritilganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, yaqin qarindoshlikda bevosita bo‘ysunuv ostidagi lavozimni egallashga, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, o‘z xizmat vakolatlarini bajarish yoki bajarmaslik evaziga fuqarolardan biron-bir mukofot yoki sovg‘alar olishga, chet davlat fuqaroligini olishga, O‘zbekistondan tashqarida hisob varaqlar ochishga, shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda cheklovlar o‘rnatilgan.
Chunki qonun davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, lavozimlar toifalari va malaka darajalarini, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarining yagona tartibotini, kadrlarning kasbiy-maʼnaviy fazilatlari va alohida xizmatlarning obyektiv hamda adolatli baholash asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish kafolatlarini, umuman, yagona davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tartibga solishni nazarda tutadi.
Sir emas, bugun davlatni barqarorlashtirish bilan birga jamiyatni faollashtirish, davlat xizmatchisining jamiyatga ijobiy munosabatini shakllantirish, xalqqa xizmat qilish, odamlar roziligini olish, halollik, adolatni mustahkam o‘rnatish borasidagi zamonaviy yondashuvga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoj kuchaydi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi Prezidentimiz ilgari surayotgan xalqparvar siyosatning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Yurtimizda soʼnggi yillarda xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Davlat organlari “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida yangicha va xalqchil tizimda ishlashni boshladi. Davlat boshqaruvi va davlat xizmatchilari oddiy odamlarga yaqinlashdi. Xalqni eshitish, muammolarni tezkor hal qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizimni mustahkamlash uchun esa muhim huquqiy asos qabul qilinishi kerak edi. Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi muhim dasturilamal hujjat bo‘lgani shubhasiz.
Qonunning “Davlat fuqarolik xizmati sohasida davlat boshqaruvi”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi”, “Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” kabi boblarida davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari, odob-axloq qoidalari kabi tushunchalari aks etgan. Hujjat O‘zbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi. Jumladan, Qonunning 5-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari” deb nomlanib, unda davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi, qonuniylik, adolatlilik, xalqqa xizmat qilish, davlat organlarining va mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi kabi bandlar belgilangan.
Qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatini o‘tashda mazkur qonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi qo‘llaniladi.
Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib – Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi. Аgentlikning davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari ham belgilab berildi. Аgentlik mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirilishini taʼminlash borasida bir qator vazifalar va chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Qisqasi, davlat xizmatida uzoq yillardan buyon o‘z yechimini topmagan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun normalarining samarali ijrosini taʼminlash orqali davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish sohasida ilg‘or xalqaro standartlarga javob beruvchi yagona tartibot tizimi shakllantiriladi. Eng asosiysi, davlat fuqarolik xizmatiga vijdonli, sadoqatli, malakali kadrlarni jalb qilish, ular salohiyatini oshirish, ularni o‘zining odob-ahloqi, feʼl-atvori va bilimi bilan namuna bo‘la oladigan, fidoyi, xalqparvar va raqobatbardosh kadrlar sifatida tarbiyalash uchun zarur huquqiy sharoitlar yaratiladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xaridlarni nazorat qilish departamenti direktori M.Z.Kamilov