FUQARODAN SAVOL:
– Davlat xaridlari sohasidagi auksion savdolari faqat elektron shaklda o‘tkaziladimi? Ularning tartib-qoidalari haqida tushuncha bersangiz?
MUTAXASSIS JAVOBI:
– Auksion faqat elektron shaklda o‘tkaziladi.
Auksionda ishtirok etish uchun davlat buyurtmachisi maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga e’lon joylashtiradi.
Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon u amalga oshirilishidan kamida besh ish kuni avval joylashtirilishi kerak.
Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’londa quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
davlat buyurtmachisining nomi va manzili;
auksionning birinchi va oxirgi kuni (auksion o‘tkaziladigan davr);
auksion predmetining boshlang‘ich narxi;
auksion predmeti va uning xususiyati (auksion predmetining tasnifi);
tovarning miqdori;
tovarlarni yetkazib berish muddatlari va shartlari;
tovarlar yetkazib beriladigan joy (manzil);
tovarning amaldagi standart talabiga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi haqidagi talab;
tovar majburiy sertifikatlashtirilishi talab etiladigan hollarda, muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosa mavjudligi to‘g‘risidagi talab;
zarur bo‘lganda, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnoma mavjudligi to‘g‘risidagi talab;
tovarning o‘ziga xos xususiy parametrlarini ifodalovchi shartlar.
Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonning va davlat buyurtmachisi buyurtmanomasining matniga auksion predmetiga taalluqli bo‘lmagan va ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritish taqiqlanadi.
Maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtirilgan auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon avtomatik ravishda davlat buyurtmachisining buyurtmanomasi etib o‘zgartiriladi.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni