Raqobatni rivojlantirish va istemolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan kelib tushgan murojaatlarga asosan o‘tkazilayotgan monitoringlarda Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi va Xiva shahridagi 97-son ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdolari bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan o‘rganish jarayonida, Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan maxsus axborot portali orqali umumiy qiymati 100,0 mln so‘mlik va Xiva shahridagi 97-son ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati tomonidan umumiy qiymati 1 564,0 mln so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilganligi kuzatildi.
Ushbu tanlov savdolarida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmagan.
Jumladan, Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan amalga oshirilgan tanlovda ishtirokchilar tomonidan malakaviy mezonlar bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumot va hujjatlarni baholashda xarid komissiyasi tomonidan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, ushbu yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar xarid natijasiga ta’sir ko‘rsatganligi hamda Xiva shahridagi 97-son ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati tomonidan maxsus axborot portali orqali joylashtirilgan e’lon bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan tanlovda ishtirokchilar o‘rtasidagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va ishtirokchilarning sonini cheklashi mumkin bo‘lgan talablar kiritilganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarmaning o‘rganish ishlari xulosasiga asosan, Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdosi va Xiva shahridagi 97-son ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati tomonidan e’longa muvofiq o‘tkazilishi rejalashtirilgan tanlov savdosi buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.