Joriy yilda Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga chiqindi tashish xizmati bo‘yicha fuqarolardan ko‘plab norozilik murojaatlari kelib tushdi.
Xususan, Farg‘ona viloyatining Quva tumanidan tushgan o‘ndan ortiq murojaatlar tahlil qilinganda, xonadondan chiqindi tashib ketilmayotgani, aholining aniq soniga mos ravishda to‘lov belgilanmasligi va xizmatlarning belgilangan grafikda ko‘rsatilmasligi holatlari aniqlandi. Misol uchun, 2 nafar fuqaro istiqomat qilayotgan xonadondan chiqindi tashib ketilmagan va bundan tashqari hisob-kitobda 5 kishi uchun haq undirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Qoidaga asosan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning tartibi va tariflarining o‘zgarganligi to‘g‘risida ushbu tariflar kuchga kirishidan o‘n besh kun avval xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning stendida, e’lonlar taxtasida e’lonlar osish yo‘li bilan, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali iste’molchini xabardor qilishga majburligi belgilangan.
Biroq “Tozalik Sanitar Servis” MChJ tomonidan yangi tariflar aholiga o‘z vaqtida e’lon qilinmagan holda qo‘llanilganligi tufayli 2024–2025-yillar mobaynida Quva tuman filiali tomonidan yuqori tarif qo‘llanilishi natijasida 264 mln so‘mdan ortiq, Farg‘ona shahar filiali tomonidan 17
mln so‘mga yaqin mablag‘lar ortiqcha hisoblanganligi aniqlandi.
Shuningdek, Quva tumanidagi Baynalminal, Jalayer, Iftixor, Katta Qashqar, Mustaqillik, Namuna, Sufi MFYlariga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-sonli qaror talablari asosida xizmat ko‘rsatilmaganligi natijasida 1.7 mlrd so‘mdan ziyod ortiqcha mablag‘ hisoblanganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farg‘ona viloyatida bugungi kunda chiqindilarni tashish xizmatidan aholidan jami 2 mlrd so‘mdan ortiq haq undirilganligi alomatlari mavjudligi aniqlanib, asossiz undirilgan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.