Bugungi kunda do‘konlarda va onlayn savdoda “Aksiya!” “Chegirma!” “Faqat bugun!” kabi yozuvlar ko‘p uchraydi. “70% chegirma!”, “So‘nggi imkoniyat!” degan yorqin lavhalar xaridorni rom etadi. Ammo aksariyat hollarda bu chegirmalar haqiqiy emas. Shu bois iste’molchilarni bunday marketing hiylalaridan himoya qilish, chegirmalarga huquqiy aniqlik kiritish maqsadida davlat tomonidan maxsus tartib loyihasi ishlab chiqildi. Yangi talablar endi aksiya va chegirmalar qonuniy asosga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Shu haqida mutaxassis batafsil ma’lumot beradi.
Botir Sharipov,
Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida, chakana savdoda aksiya va chegirmalarni huquqiy jihatdan tartibga solish va davlat nazoratini ta’minlash vazifasi belgilangan.
Loyihaning asosiy mazmuni
Yangi huquqiy hujjatda avvalambor “aksiya” va “chegirma” tushunchalariga aniq ta’rif berilmoqda. Endi har bir chegirma shartlari qonuniy belgilab qo‘yiladi:
Aksiya – iste’molchilarni jalb qilish va savdoni faollashtirish uchun qo‘llaniladigan maxsus taklif.
Chegirma narx – avvalgi haqiqiy narxdan ma’lum foiz yoki summada pasaytirilgan narx.
“Chegirmagacha bo‘lgan narx” – oxirgi 30 kun ichida amal qilgan eng past narx sifatida belgilanadi va bu narxning haqqoniyligini sotuvchi isbotlashi shart.
Ya’ni, savdogar avval narxni sun’iy ravishda oshirib, keyin arzonlashtirganday ko‘rsatishi mumkin emas. Agar aksiya haqiqiy bo‘lsa, uning muddati, shartlari va tartibi rasmiylashtirilishi va davlat nazoratidan o‘tishi kerak.
yangi majburiyatlar
Raqobat qo‘mitasi tomonidan aksiya va chegirmalar taqdim etish bo‘yicha Germaniya, Fransiya, AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy davlatlaridan me’yoriy amaliyot o‘rganildi. Shu asosda yangi majburiyatlar belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Chakana savdoda aksiyalar va chegirmalarni tashkil qilish, o‘tkazish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan ishlab chiqilgan talablar:
✅ chegirma narxi faqat so‘nggi 30 kun ichida amalda bo‘lgan eng past narxdan kelib chiqqan holda belgilanishi shart;
✅ aksiyalar haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga kamida 10 kun oldin taqdim etilishi lozim;
✅ sun’iy ravishda narxni oshirib, keyin arzonlashtirib ko‘rsatish man etiladi;
✅ sotuvchilar aksiya va chegirmalar to‘g‘risida aniq, to‘liq va tushunarli ma’lumot taqdim etishlari kerak (amal qilish muddati, tovar turkumi, shartlar va h.k.);
✅ aksiya davomida chegirmalar, bonus va boshqa imtiyozlar amalda bo‘lishi ta’minlanishi lozim;
✅ tovarlar narxiga nisbatan chegirmalar aniq ko‘rsatilishi, iste’molchi so‘ragan taqdirda, avvalgi narxlar haqidagi ma’lumot taqdim etilishi shart.
AHOLI faolligi MUHIM
Bu loyiha regulation.adliya.uz saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi fuqarolardan ushbu jarayonda o‘z taklif va fikrlarini bildirishlarini so‘raydi.
Har bir iste’molchi narxlar arzonlashganiga ishonadi. Lekin 500 ming so‘mlik mahsulot “899 mingdan 499 ming so‘mga tushdi” degan yolg‘onlar ularning ishonchini suiiste’mol qilishga sabab bo‘ladi. Endi esa bu kabi manipulyatsiyalar cheklanadi, davlat tomonidan nazorat kuchaytiriladi.
Loyiha nafaqat iste’molchi manfaatini, balki savdoda shaffoflikni ta’minlaydi. Shu bois, jamoatchilikning bu jarayonga befarq bo‘lmasligi har qachongidan muhimdir.