So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasiga, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizning boy tarixiy merosi, go‘zal tabiati va madaniy yutuqlarini keng targ‘ib etish, aholi o‘rtasida sayyohlik madaniyatini oshirish maqsadida davlat tomonidan qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3514-sonli qarori mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, turli tashkilot va idoralar tomonidan xodimlar uchun jamoaviy va oilaviy sayohatlar, madaniy-ma’rifiy ekskursiyalar hamda ziyoratlar tashkil etilmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi ham o‘z faoliyatida ichki turizmni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Joriy yilning 26-27-aprel dam olish kunlari Qo‘mita xodimlari Buxoro viloyatidagi qator tarixiy va muqaddas ziyoratgohlarga tashrif buyurdilar. Bu sayohat ularning yurtimiz tarixi, me’moriy yodgorliklari va milliy qadriyatlarimiz bilan yanada yaqindan tanishishlari uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Bu kabi tashriflar nafaqat faol dam olish, balki jamoa ichidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Shubhasiz, bu kabi amaliy ishlar ichki turizmni yanada ommalashtirish, fuqarolarning madaniy-ma’rifiy saviyasini oshirish, milliy merosimizga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega.