Raqobat qo‘mitasi tomonidan axborot resurslari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan reklamalarning amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan tizimli o‘rganish va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Olib borilgan o‘rganishlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yuz minglab kuzatuvchilariga ega bo‘lgan blogerlar o‘zlariga tegishli sahifalarda bukmekerlik xizmatlarini reklama qilayotgan holatlari kuzatilgan.
Xususan, “Melbet” bukmekerlik tovar belgisidan foydalangan, shuningdek qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari orqali joylashtirilgan video-roliklar quyidagi shaxslarga tegishli ekanligi aniqlandi:
☑️ fuqaro Shodiyev Jasurbek G‘ulomjon o‘g‘li (jasjannew);
☑️ fuqaro Normamatov Dadabek Baxrom o‘g‘li (allme. uz);
☑️ fuqaro Raxmatov Sherxon Lutfullo o‘g‘li (sherxon.zdss);
☑️ fuqaro Xasanboyev Xojiakbar Zulxaydar o‘g‘li (hojiakbar_ku).
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan blogerlar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra, mamlakat hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi. Bunday faoliyatni reklama qilish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.