Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan topshiriqqa muvofiq tadbirkorlik subyektlarning yillik ishlab chiqarish quvvati uchun spirtga bo‘lgan talabi hamda birja savdolari orqali xarid qilingan spirt miqdorining hisobini yuritish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlardan iste’mol va texnik etil spirtiga bo‘lgan yillik talablarini asoslovchi hujjatlari (tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlarini ilova qilgan holda) bilan Qo‘mita va uning hududiy organlariga taqdim etishlari yuzasidan rasmiy e’lon berilgan.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar, vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlil qilinib, iste’mol va texnik etil spirtini xarid qilish bo‘yicha tegishli litsenziya va seriyalab ishlab chiqariladigan mahsulot uchun berilgan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar hamda faqat o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiluvchi oxirgi iste’molchilar ro‘yxatini elektron shakllantirish maqsadida Qo‘mitaning “FAIR TECH” yagona axborot tizimida “Etil spirti xaridi nazorati” bo‘limi yaratildi.
Shuningdek, Qo‘mita hamda uning hududiy organlari tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda respublikada faoliyat yuritayotgan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning tegishli litsenziyalari, ishlab chiqarish quvvatlari, yillik ishlab chiqarishda talab etiladigan iste’mol va texnik etil spirti mahsuloti hajmlari va boshqa tegishli ma’lumotlar olindi hamda ma’lumotlar axborot tizimga kiritilishi ta’minlanib kelinmoqda.
Shunga ko‘ra, bugungi kunda birja savdolarida iste’mol va texnik etil spirtini xarid qilish uchun ruxsat etiladigan 250 tadan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, tovar-xom ashyo birjalariga taqdim etildi.
Joriy yil 1-21 iyun kunlari birja savdolarga jami 635 ming dekalitr etil spirti 1 dekalitr uchun o‘rtacha 269 ming so‘mdan qo‘yilib, 285 ming dekalitri (45 foizi) 63 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan mazkur narxlarda xarid qilingan.