O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi “O‘ZENERGOINSPEKSIYA” Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida joylarda AI-92 va AI-95 markali yoqilg‘i mahsulotlarining sifatini o‘rganish bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.
Xususan, Samarqand tumanida joylashgan “KUTFI-BOBO” MChJ hamda Toyloq tumanidagi “BOG‘IZAG‘ON ABDUGAFFOR” MChJ ga qarashli bo‘lgan AYoQShlarda o‘rganishlar o‘tkazildi. Ushbu yonilg‘i quyish shoxobchalaridan benzin mahsulotlari xarid qilinib, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etildi. Laboratoriya tahlillari ikkita xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchaning benzin mahsulotlarini sifatsizligi bo‘yicha o‘z xulosasini bergan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “BOG‘IZAG‘ON ABDUGAFFOR” MChJ tomonidan 2023-yilning birgina dekabr oyida AI-92 markali sifatsiz 800 litr avtobenzin sotilganligi, buning natijasida iste’molchilarga 2,2 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, “KUTFI-BOBO” MChJ tomonidan esa AI-95 markali 15 493 litr foydalanishga yaroqsiz benzin avtomashinalarga quyilgan bo‘lib, bundan fuqarolar 38,7 mln so‘m ziyon ko‘rishgan.
Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar qo‘llaniladi.
Raqobat qo‘mitasi boshqa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda bu kabi nazorat tadbirlarini respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazib kelmoqda.