Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan hududda faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi holati va ulardan bemorlar ko‘rigida foydalanilishi holati tahlil qilindi.
O‘rganish hududdagi 3 ta tibbiyot muassasasi – Qashqadaryo viloyat Ftiziatriya va Pulmonologiya markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan Ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali, Respublika Ixtisoslashgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filiallarida 2022-2023-yillar mobaynida o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi holati va ulardan bemorlar ko‘rigida foydalanilishi orqali iste’molchilardan olingan to‘lovlar ma’lumotlarining solishtiruvi asosida o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra,
Qashqadaryo viloyat Ftiziatriya va Pulmonologiya markazida iste’molchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar hisobidan 3051 nafar nomuayyan iste’molchiga 98 013 000 so‘mlik 5 ta xizmat turi bo‘yicha;
Respublika ixtisoslashtirilgan Ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida 1718 nafar nomuayyan iste’molchiga 77 932 000 so‘mlik 4 ta xizmat turi bo‘yicha;
Respublika Ixtisoslashgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli kasalliklar ilmiy amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filialida esa 1409 nafar nomuayyan iste’molchiga 42 270 000 so‘mlik 1 ta xizmat turi bo‘yicha bemorlarga metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagan tibbiy sinash va o‘lchash vositalari qo‘llanilgan holda xizmatlar ko‘rsatilganligi aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘rganishda aniqlangan ushbu holatlar bo‘yicha yuqoridagi tibbiyot maskanlariga nisbatan metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan tibbiy sinash va o‘lchash vositalaridan foydalanib bemorlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilganligi holati uchun O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-, 12-, 19- va 27- moddalari talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, mazkur ish hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasida ko‘rib chiqildi va bu tibbiyot maskanlariga nisbatan qonunbuzarlik holatining bartaraf etilishi yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi va o‘rganishda aniqlangan qonunbuzarlik holatlari natijasida olingan daromad summalari tibbiyot maskanlari tomonidan qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlanmoqda.